Adliya vazirligi tomonidan “Nogironligi bo`lgan bolalarga va odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasallikka (OIV infeksiyasiga) yoki hayot uchun xavfli va surunkali rivojlanadigan kam uchraydigan (orfan) kasalliklariga chalingan 18 yoshgacha bo`lgan shaxslarga nafaqa tayinlashni soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha bilan quyidagi qulayliklar nazarda tutilmoqda. Bunda quyidagi shaxslar haqidagi ma`lumotlar vakolati organlar tomonidan avtomatik ravishda Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasiga yuboriladi va ularning qo`shimcha murojaatlarisiz nogironlik nafaqasi tayinlanadi:
- 18 yoshgacha bo`lgan shaxslarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish natijasida nogironligi bo`lgan shaxs deb topilganda;
- odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasallikka (OIV infeksiyasiga) chalingani aniqlanganda;
- hayot uchun xavfli va surunkali rivojlanadigan kam uchraydigan (orfan) kasalliklariga chalingani aniqlanganda.
Amaldagi tartibga ko`ra, shaxs “nogironligi bo`lgan shaxs deb topilganda” yoki “kasallikka chalingani aniqlanganda” fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda nafaqa tayinlash uchun Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasiga murojaat qilishi lozim edi.
Endilikda bunday ovoragarchiliklarga chek qo`yilib, ushbu nafaqalar kompozit shaklida fuqarolarning mazkur organlarga qo`shimcha murojaatlarisiz tayinlanadi.
Bu bilan aholining ushbu davlat organlariga qo`shimcha ovora bo`lib borishiga, kutishiga va vaqtini yo`qotishiga chek qo`yiladi. Mazkur loyiha qabul qilinishi mamlakatda nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashga, ularga qulay davlat xizmatlari ko`rsatishga xizmat qiladi.






