AsosiyJamiyat

Taniqli shoir va dramaturg Haydar Muhammad vafot etdi

'Taniqli shoir va dramaturg  Haydar Muhammad vafot etdi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, taniqli shoir va dramaturg, "Do`stlik" ordeni sohibi Haydar Muhammad vafot etdi. Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi. 

Haydar Muhammad 1936 yili Toshkentda tavallud topgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining kechki filologiya bo`limini tugatgan (1966). O`zbekiston teleradiosida muharrir (1965-1976), Madaniyat ishlari vazirligida mas`ul vazifalarni (1976-1980) bajargan. Ko`p yillar Hamza nomli Akademik drama teatrida xizmat qilgan.

Uning birinchi she`riy to`plami "Ko`nglim mening" nomi bilan 1975 yilda nashr bo`lgan. Shundan so`ng "Olchamning tug`ilgan kuni" (1978), "Yo`llaringga mushtoqman" (1979), "Ipak gilamlar" (1990), "Hazilkash shoh" (Saylanma, 1994) kabi she`riy va dramatik asarlari, to`plamlari chop etilgan.

Haydar Muhammad musiqa janrining juda ko`p turlari uchun she`rlar yozgan, "Shoir ovozi" dostoni (Sayfi Jalil musiqasi), "Yoshligim" syuitasi (D. Zokirov), "Mening oppoq qo`shig`im" kabi turkumlari (Bahrillo Lutfullaev musiqasi) shular jumlasidandir. Uning "Toshkentning nozanin malikasi" (Manas Leviev musiqasi), "Ko`ngil – chinni piyola" (1987, Komil Kenjaev musiqasi), «Kuyovlar konkursi» (1991, R. Azizxo`jaev bilan T. Hasanov musiqasi), "Har kimki vafo qilsa…" (1994, Bobur haqida. A. Ismoilov, S. Hayitboev musiqasi) kabi musiqali drama va komediyalari tomoshabinlarga manzur bo`lgan.

Uning "Xotinlar "gap"idan chiqqan hangoma"komediyasi asosida suratga olingan "Temir erkak" filmi respublikada eng ko`p tomoshabin ko`rgan asarlardan biridir.

Marhumning yaqinlariga ta`ziya bildiramiz. 

    Boshqa yangiliklar