“Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi Denov va Urganch dzyudo sport mahorati maktablari faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi (580-son, 06.10.2022 y.) Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko`ra, respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sport zaxirasini terma jamoalar tarkibiga tayyorlash, Denov va Urganch dzyudo sport maktablarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Dzyudo maktablari o`quvchilarining umumiy kontingenti o`quvchilarning vazn toifalari va sinflarini hisobga olgan holda 210 nafardan ko`p bo`lmagan o`quvchidan iborat etib shakllantiriladi.
Dzyudo maktablariga sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan o`quvchilar 2022/2023 o`quv yilidan boshlab har yili 5-sinfga qabul qilinadi.
2022/2023 o`quv yiliga qadar Dzyudo maktablarida boshqa sport turlari bo`yicha tahsil olayotgan o`quvchilar ushbu maktablarni to`liq tamomlagunga qadar o`qitilishi ta`minlanadi.
Dzyudo maktablari o`quvchilarining umumta`lim fanlaridan ta`lim olishi mazkur Dzyudo maktablarida tashkil etiladi.






