Oktyabr oyidanoq pirotxenika vositalarining noqonuniy olib o`tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasi kuzatila boshlandi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo`mitasi matbuot xizmati.
Ma`lumq ilinishicha, bojxonachilari tomonidan bu turdagi vositalarga qarshi kurash faqatgina bayramlar arafasida emas, balki yil davomida muntazam olib boriladi.
Jumladan, 2022 yil 6 oktyabr kuni “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurash bo`limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o`tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Isuzu” yuk avtotransport vositasi to`xtatilib, ko`zdan kechirildi.
Natijada, yukxonadagi ketmon dastalari ortiga yashirilgan qog`oz qutilar tezkor xodimlarning e`tiborini tortdi.
Qog`oz qutilar ochib ko`rilganida esa, ularning ichida 5 turdagi 77 272 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo, sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan mazkur salyut va petardalarning jami qiymati 433 mln. so`mni tashkil qilmoqda.
Raqamlarga ko`ra, joriy yilning o`tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 27 ta qonunbuzilish holatlarida qiymati 652 mln. 80 ming so`mlik 109 ming 168 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o`tilishining o`z vaqtida oldi olindi.
Faqatgina shu emas. Yuqoridagi holatda yukxonada muqaddam noqonuniy ravishda olib kirligan 28 ming 640 dona lekoplastik va termometrlar ham borligi aniqlandi. Ularning umumiy qiymati 146 mln. so`mdan oshmoqda.
Bundan tashqari, tovarlar orasida 41 ming 488 dona shaxsiy gigiena va parfyumeriya vositalari borligi aniqlandi. Afsuski, 116 mln. so`mdan oshiq qiymatdagi mazkur tovarlarning qadog`ida ham ularning ishlab chiqarilgan joyi, muddati haqida va boshqa zaruriy bironta ham axborotlar mavjud emas.
Shunday qilib mazkur holatda to`xtatib qolingan tovarlarning umumiy qiymati salkam 696 mln. so`mni tashkil qilmoqda.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






