DXX xodimlari tezkor tadbirlar davomida soliq tizimi va mahalliy hokimiyatda ishlagan mansabdorlarni noqonuniy pul olgan vaqtida qo‘lga oldi.
Samarqand viloyatida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda soliq tizimi va mahalliy hokimiyatda ishlagan mansabdor shaxslar noqonuniy ravishda pul olgan vaqtida ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi “Buxgalteriya markazi” davlat muassasasi hisobchisi fermer xo‘jaligiga hisoblangan 150 million so‘mlik soliq qarzdorligini kamaytirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u fermer xo‘jaligi rahbaridan avval 3 million so‘m olgan.
Keyinchalik hisobchi qo‘shimcha 15 million so‘m talab qilib, ushbu mablag‘ni Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birgalikda olayotgan vaqtida DXX hamda IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holat Kattaqo‘rg‘on tumanida qayd etildi. 2025 yilda tuman hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 14 million so‘m olgani aniqlangan. Ammo u o‘z va’dasini bajarmagan.
Tezkor tadbir davomida hozirda sobiq hokim o‘rinbosari bo‘lgan mazkur shaxs olgan pul mablag‘ining bir qismi sifatida 1000 AQSh dollarini qaytarib berayotgan vaqtida fosh etilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






