IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi bergan ma`lumotga ko`ra, 12 oktyabr kuni IIVga “UzAuto Motors” AJ rahbariyati murojaat qilishgan.
Ma`lum bo`lishicha Toshkent shahar, Yunusobod tumanida joylashgan “START CARS” nomli lizing kompaniyasi “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilmagan, narxi belgilanmagan “Chevrolet Onix” rusumli avtomashinani fuqarolarga 160.485.577 so`mga sotayotganligini ma`lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur murojaatga asosan, 13 oktyabr kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, IJQK Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida “Start cars” MChJ direktori va jamiyat menejeri Toshkent shahar, Yunusobod tumanida xaridorga “Chevrolet Onix” rusumli avtomashinani shartnoma asosida 2023 yil yanvar oyiga qadar olib chiqib berish evaziga undan 160.500.000 so`m pullarni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandilar.
Holat yuzasidan IJQK Departamentining Qibray tumani bo`limi tomonidan “Start cars” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Biroz avval, hali savdoga chiqarilmagan "Chevrolet Onix" uchun shartnoma tuzish taklif qilinayotgani haqida ogohlantirish xabarini bergan edik.