Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi yaqin vaqt ichida haftasiga etti kun, sutkasiga 24 soat ishlash rejimiga o`tadi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa`dullaev ma`lum qildi.
"So`rovingizga ko`ra, AOKA va Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan bog`landim. Kutubxona tez orada 24/7 ishlash rejimiga o`tishini ma`lum qilishdi. Hozir vazirlik va idoralar bilan jarayonni rasmiy yo`lga qo`yish ishlari davom etmoqda", deb yozdi Sa`dullaev Twitter'dagi sahifasida.
Uning qo`shimcha qilishicha, "jarayon boshlangan, AOKA va Milliy kutubxona hamma ishlarni amalga oshirmoqda".
"Xodimlarning tungi ish vaqti, mehnat tartibi va maosh to`lash masalasida ekan jarayon. Umid qilamizki, tez orada jarayonni yo`lga qo`yib yuborishadi", — deya qo`shimcha qilgan u.
Hozirda Milliy kutubxona ish kunlari 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi. Ayni vaqtda, "Nodir" noyob manbalar zali ish kunlari 9:00 dan 18:00 gacha faoliyat ko`rsatadi, dam olish kunlari esa ishlamaydi.