1

Jinoyatga undagan qasos

Jinoyat 30.08.2016, 16:32
Teglar: Jazo, Jinoyat
Jinoyatga undagan qasos

Sadir qirq yillik umrining asosiy qismini panjara ortida o`tkazgani uchunmi, har qalay turmushning kundalik tashvishlaridan anchayin yiroqlashib ketgan ekan. So`nggi marotaba jazodan ozod qilingandan keyin ham kindik qoni to`kilgan xonadonda bir kun bo`lishga ulgurdi, xolos... “O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas”, deganlaridek, Sadirning yana eski kasali qo`zg`adi. Ko`ngli “shayton suvi”dan ichib, dunyo tashvishlaridan forig` bo`lishni istadi. Ulfatlari bilan guzarga chiqib, choyxonada osh qilishdi. Besh-olti shisha aroq ichildi. Sadirning kayfi taraq bo`lib, o`tmishdagi voqealar xayolidan o`ta boshladi. Dastavval, ko`z oldiga go`yoki bir paytlar unga yomonlik qilgan odamlar keldi. Ulardan biri Salim bobo edi. U oshnasi O`ktamdan “Salim bobo tirikmi, yo`qmi”, deb so`radi.

— Ha, tirik, haliyam qabristonda qorovul. Tinchlikmi, nima uchun so`rayapsan?!

— O`zim, shunchaki...

— Bejizga so`ramayapsan, shekilli. Salim boboda haliyam xusumating borga o`xshaydi. Qo`y, endi o`tmishdagi gina-kuduratlarni unut, u kishi ham ancha keksayib qoldi.

— Menga aql o`rgatma, nima qilishni o`zim yaxshi bilaman. Xavotir olma, hech narsa bo`lmaydi. Ular yana bir oz yayrashdi. Hamma uy-uyiga tarqalayotganda,  O`ktam Sadirni ogohlantirdi.

—  Sadir, biron-bir ishkal chiqarib yurmagin, tag`in.

To`g`ri uyingga bor, xo`pmi!?

—  Bo`pti, O`ktam xotirjam bo`l, - u shunday dedi-yu qo`l siltab qo`ydi.

  Oyog`ini sudrab bosayotgan Sadir uyiga zo`rg`a etib keldi. Oshxonadan pichoqni olib, Salim bobo bilan orani ochiq qilish uchun qabristonga shoshildi...

Sharpa

  Salim bobo 86 yoshda. Keksaligiga qaramasdan, suyagi mehnatda qolganligi bois, bo`sh o`tirgisi kelmaydi. Qishloq qabristonida qorovullik qiladi. Bugun ham odatdagiday tong sahardan qabriston sari yo`l oldi, Kuni bilan mo`ljallab qo`ygan yumushlarini bajardi. Kech bo`lib, ketishga taraddudlanib turgan ham ediki, darvoza tomondan kimningdir qorasi ko`rindi. Kim bo`ldi ekan kech bo`lganda, deya o`sha tomon yo`naldi.

Tavqi la`nat

  ...Sadir birinchi marta qamalganda 20 yoshga to`lgan navqiron yigit edi. Panjara ortida uning yuragini vahm bosdi, endi hayotim nima bo`ladi, “qamalgan” degan tavqi la`natdan qachon qutulaman? Shunga o`xshash chek-chegarasi yo`q o`ylar uni esankiratdi. Baxtga qarshi qamoqxonada ham, u erdan chiqqandan keyin ham uning iztiroblarini tushunadigan, dardiga malham bo`ladigan, to`g`ri yo`l ko`rsatadigan odam topilmadi. Yoshligidan, g`o`rligidan, bilagidagi kuchidan foydalanib qolishni mo`ljallagan “mehribonlar” “hali ko`rmaganday bo`lib ketasan, hammasi yaxshi bo`lib ketadi", deya elkasiga qoqqancha tasalli berishdi.

  G`arazli manfaat, nafs balosi yo`lida orttirgan hamtovoqlarining yo`rig`iga yurgan Sadirning ikkinchi, uchinchi, to`rtinchi marta “o`tirib” chiqishiga to`g`ri keldi.

Yillar qasos o`tini alangalatdi

Beshafqat vaqt, maqsadsiz o`tgan yillar o`z ishini qildi. Uning xulq-atvorini o`zgartirib yubordi. Ming taassuflar bo`lsinki, bir paytlar yuragini  oftob nuridek ilitgan va entiktirgan orzu-havaslari allaqachon so`ngan. Vujudini allaqanday alamzadalik, o`ch olish istagi egallab olgan. Hozir qarshisidan kelayotgan odamdan o`ch olishi kerak. Keyin nima bo`lsa bo`lar...

Qabristondagi uchrashuv

—  Salom, boboy, kunu tun qabristonda yurasiz-u haliyam tirikligingizga hayronman.

  Qariya ovoz egasini tanidi-yu, gapidagi sovuq ohangni sezib, bir seskandi.

— Nega unday deysan, Sadir. Xudo bergan umrni yashab yuribman-da.

— Meni nima deyishim bilan ishingiz bo`lmasin. Men yomon odamman. Shuning uchun ketma-ket o`tirib chiqdim. Yana “zona”ga qaytgim kelyapti.

— O`zing yaqinda chiqding. Bundan buyog`iga ko`pchilikning duosini olib, hayotingni o`nglab olsang bo`larmidi, bolam.

—  Nasihatingiz o`zingizga siylov. Oxirgi marta qamalishimda siz sababchi bo`lgansiz. Menga tuhmat qilgansiz. Endi menga baribir, yana qamalsam ham o`chimni olaman.

Sadirning vajohatidan cholni qo`rquv bosdi. O`zini himoya qilishga urindi.   Ammo keksayib qolgan emasmi, qochib ketolmadi. Yirtqichning changaliga tushdi. Sadir cholni urib, do`pposlay boshladi. Ammo baribir xumordan chiqmadi.   O`zi bilan olib kelgan pichoqni cholga o`qtaldi. Buni ko`rgan Salim bobo tamoman o`zining yo`qotdi. U yalina boshladi:

— Men senga tuhmat qilmaganman. Senga notug`ri aytishgan, bolam.

—  O`zingni oqlashga urinma, bo¬boy. Boshimdan o`tkazgan qiyinchiliklarim evaziga tovon to`laysan.

Yalinayotgan ojiz odam qarshisida yanada vahshiylashgan Sadir pichoqni cholning ko`kragiga sanchdi. Bu hol bir necha bor takrorlandi. Qo`rquvdan nafasi bo`g`ziga tiqilganidanmi, qariya ovozini ham chiqarishga ulgurmadi. U erga yuztuban yiqildi. Lahzalar ichida sodir bo`lgan hodisadan Sadir gangib qoldi va zudlik bilan qabristondan g`oyib bo`ldi.

Kimdir achindi, kimdir afsusda, ammo qonun o`z so`zini aytdi...

Sadir qabristondan chiqqach, mahalladagi do`konga kirib pivo ichdi. Sigaret olib chekarkan, sotuvchiga dedi: 

— Sizdan qarz bo`lib qoldim. Qarzimni qaytarolmasam rozi bo`lasiz. 

Sotuvchi Sadirning bu gapidan hayotning past-balandini ko`rib bosilib qolibdi, insof bergani chin bo`lsin, deb ichida xursand bo`lgan bo`lsa, keyingi so`zlaridan hayrati oshdi. 

—  Ertaga mahalladan eshitasiz. Salim boboni hozir o`z qo`lim bilan o`ldirib kelyapman. Mana, qo`limda qon izi ham bor.

Sadir shunday deb do`kondan chiqib ketdi.

Qabristondagi qotillik haqida eshitganda, hamqishloqlarning hushi boshidan uchdi. Kimdir Salim boboning hayoti shu ta[lit yakun topganiga achindi. Kimdir yana qamaladigan bo`libdi-da, deya umri elga sovurilayotgan Sadir¬ning qilmishidan afsuslandi. Sud hukmi bilan Sadir umrbod ozodlikdan mahrum qilindi.

Ismatulla MAMANOV, 
jinoyat ishlari bo`yicha 
Toshkent viloyat sudining sudyasi.

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda

16.08.2021, 12:20

Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.Unga ko`ra, Rossiyadagi har beshta kompaniyaning biri koronavirusga qarshi vaksina olishdan bosh...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1