2022 yil 8 iyun kuni kechasi soat 00:10 da yuz bergan ikki talaba o`rtasidagi tortishuv pichoqbozlik bilan yakun topdi. U shu kuni o`zi ijarada turgan xonadonda tushlik payti o`zaro kelib chiqqan kelishmovchilik sababli tanishi bilan janjallashib qoladi. O`sha vaqt talaba xontaxta ustida turgan sovuq qurol — oshxona pichog`ini olib, tanishini ko`krak qafasi chap tomoni va chap son sohalariga urib, hayoti uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohati etkazgan.
Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, jabrlanuvchida ko`krak qafasi chap tomonlama plevra bo`shlig`iga kirib, chap o`pka pastki bo`lagini teshib o`tgan sanchilib kesilgan jarohati, chap son sohasi sanchilib kesilgan jarohati, asorati: Tashqi va ichki qon ketishi, gemopnevmatoraks, gemmoragik va plevropulmonal shok III darajasi ekani, tan jarohatlari etkazilgan vaqtida hayot uchun xavfli hisoblanishi va shu belgiga ko`ra og`irlik darajasi bo`yicha og`ir tan jarohatlari toifasiga kirishi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining 2022 yil 15 centyabrdagi hukmiga ko`ra, sudlanuvchi talaba “Qasddan badanga og`ir shikast etkazish”jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Shuningdek, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilangan.
Bugun, 17 noyabr kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasi, ochiq sud majlisida 1995 yilda tug`ilgan sudlanuvchi talaba, Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining jinoyat ishi bo`yicha chiqarilgan hukmdan norozi bo`lib, keltirilgan apellyasiya shikoyatiga asosan jinoyat ishini apellyasiya tartibida ko`rib chiqildi.
Aybiga qisman iqror bo`lgan talaba bu ishni atay qilmaganini, sherigini o`ldirish niyati ham bo`lmaganini ta`kidlaydi:
— Jabrlanuvchi tanishim bo`ladi. Bir tumandanmiz. Birga avtomashinalar yuvish shaxobchasida ishlaymiz. 2022 yil 4 iyun kuni Toshkent shahriga kelganman. Ijarada yashaydigan xonadonimda yana 3 kishi birga yashaydi. 6 iyun kuni taxminan soat 24:00 larda jabrlanuvchi bilan birga ishdan ijarada yashaydigan uyga keldik. Yotayotgan paytimda mendan 5.000 so`m pul qarz so`radi. Unga yo`l kiraga puli qolganini, pulim yo`qligini aytdim. So`ng ertalab o`qishimga ketdim. U o`qishi tushlikdan keyin edi. Tushlik payti o`qishdan keldim. Jabrlanuvchi uyga 40.000 so`mga bozorlik qilib kelgan ekan va unga 10.000 so`m berish kerak ekan. Unga ishga borib, ishlab beraman dedim. So`ng ishga avtomashinalar yuvish shaxobchasiga ketdim. Jabrlanuvchi esa o`qishga ketdi. O`qishga ketishimdan oldin u tovuq go`shtidan sho`rva tayyorlab ketgan. Shu kuni taxminan soat 17:00 larda jabrlanuvchi avtomashinalar yuvish shaxobchasiga keldi. Biz kech soat 24:00 larga qadar ishlab, uyga qaytdik. Yo`lda u non olish kerakligini aytdi. Unga bozorligi uchun so`ragan 10.000 so`mni berdim. U magazinga kirib, 2 dona non olib chiqib, 7.000 so`m bo`lganini aytdi. Menga “3.500 so`m berasiz” dedi. Unga bugun ishim o`xshamaganini shu pulni ertaga ishlab berishimni aytdim. U shu erda menga qo`pol muomala qilib, haqorat qildi. Uyga borganimda, yana 2 ijarachi do`stimiz boshqa xonada dars qilib o`tirishgan ekan. Jabrlanuvchi ovqatni isitdi va o`ziga suzib oldi. Qozonga qarasam go`shti yo`q ekan, o`ziga sho`rvaning suvi bilan kartoshkasini solib olgan. Dasturxon yoniga borganimda jabrlanuvchini kosasida bir bo`lak tovuq go`shtini qanoti borligini ko`rib, unga “shuni yarmini bersang bo`lar edi” dedim. Shunda meni yana so`kib, haqoratladi. Unga yoshim undan kattaligini, haqorat qilmasligini aytdim. Shunda u “Ma, san to`ygin” deb jahl bilan kosasini otdi va o`rnidan turdi. Men ham o`rnimdan turdim, shunda jabrlanuvchi meni chap tomon qulog`imga mushti bilan urdi. Qulog`im og`riganidan erga engashib qoldim. Shunda tomog`imdan bo`g`ib olib, urib ketdi. Xontaxta ustida turgan pichoqni oldim, avvaliga u pichoq ekanini bilmadim va jabrlanuvchini oyog`ini son sohasiga urdim. Shunda ham jabrlanuvchi meni bo`g`ib turavergach, keyin esa uni chap bilak tarafiga pichoq bilan o`zimni himoya qilish maqsadida urdim. Shu payt 2 sherigimiz ham yugurib kelishdi va bizni ajratishdi. Men pichoqni erga tashlab yubordim. Jabrlanuvchi burchakka borib suyanib qoldi. Men vannaga kirib, qulog`imni qonini to`xtatmoqchi bo`ldim. Lekin qon to`xtamadi, keyin jabrlanuvchini oldiga bordim. Unga “tur” deb elkasini ushladim. Qo`lim qon bo`ldi, shu erda sherigim sochiq olib kelib, jabrlanuvchini pichoq kirgan joyiga bosdi. Jabrlanuvchi baqirganiga qo`shni ham chiqib keldi. Shu orada tez tibbiy yordam xizmatini yana bir sherigim chaqirgan. Qo`shnim bekor tez tibbiy yordam chaqirganimizni, meni qamab qo`yish mumkinligini aytdi. Keyin sheriklarimizdan biri tez tibbiy yordam xizmati chaqiruvini bekor qildi. So`ng sherigim pastga tushib taksi olib keldi. Shu orada men bilan jabrlanuvchi ham pastga tushdik. Men bilan jabrlanuvchi shu taksiga minib, 7-ShKShga etib bordik. U erda jabrlanuvchiga tez tibbiy yordam ko`rsatildi. Menda jabrlanuvchini o`ldirish niyatim bo`lmagan. Unga pichoq sanchganimni sababi o`zimni himoya qilish bo`lgan. Unga o`ldiraman demaganman, janjal vaqti ikkalamiz ham hushyor holatda bo`lganmiz. Spirtli ichimlik iste`mol qilmaganman. Shu kuni uni o`zi janjalni boshlagan. Mening futbolkamni yirtib tashlagan. O`sha kuni egnimda bo`lgan futbolka va shortigimni otam taqdim qilgan. Jabrlanuvchi meni bo`g`ib qo`yib yubormagani uchun undan qutulish maqsadida unga pichoq urganman. Janjal vaqtida men ham qulog`imdan tan jarohati olganman va sudga oid tibbiyot ekspertizasidan tekshiruvdan o`tganimni, jabrlanuvchi tomonidan menga nisbatan etkazilgan tan jarohati bo`yicha ma`muriy material tariqasida ajratib olinganini, hozirda qilmishimdan chin dildan pushaymonman. Aybimga iqrorman, otam qandli diabet xastaligiga chalinib, nogiron bo`lib qolgan. Oilada yolg`iz boquvchi o`zim, institutning 2-kurs talabasiman, kontrakt asosida o`qiyman. Kontraktimni ham o`zim to`layman, yosh oilaman, bir nafar voyaga etmagan farzandim bor. Farzandimni ham hali ko`rmadim. Jabrlanuvchidan kechirim so`rayman. Suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashni so`rayman.
Sud qanday ajrim chiqardi?