Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi buyurtmachiligida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga 8 ta lot bo`yicha jami qiymati 5,8 mlrd. so`mlik “Opera fest-2022”, “Music fest-2022”, “Food fest-2022”, “Art fest-2022”, “Dance fest-2022” festivallari va “Gullar bazmi”, “Nukus 5 tashabbus-2022” tadbirlarini tashkil etish yuzasidan davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya qilinishi holati o`rganildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
O`rganishlarga ko`ra, ushbu tadbirlar joriy yil may-sentyabr oylarida o`tkazilgan bo`lishiga qaramay, portalga 6 ta lot bo`yicha 24 oktyabr kuni va 2 ta lot bo`yicha 3 noyabr kuni e`lonlar joylashtirilgan.
Mazkur xaridlar yuzasidan 2 ta tadbirkorlik sub`ekti o`zining tijorat takliflari bilan ishtirok etgan (“M.C.” va “P.E.” MChJlar) va ular bilan jami 5,7 mlrd. so`mlik shartnoma imzolangan.
Shundan 4 ta lot bo`yicha “M.C.” MChJ bilan 2,8 mlrd. so`mlik hamda 4 ta lot bo`yicha “P.E.” MChJ bilan 2,9 mlrd. so`mlik shartnomalar imzolangan.
Yuqoridagi davlat xaridlarini amalga oshirishda O`zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonun va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog`liq tartib-taomillarni tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risida”gi 276-son Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilganligi aniqlandi.
O`rganish jarayonida to`plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun joriy yil 9 dekabr kuni Bosh prokuraturaga yuborildi.






