AsosiyJAMIYAT

Andijonda yashirin dori ishlab chiqarish sexi fosh etildi

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

'Andijonda yashirin dori ishlab chiqarish sexi fosh etildi'ning rasmi

Andijon shahrida sifati kafolatlanmagan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, shahardagi manzillardan birida 4 ta yuridik shaxs “oziq-ovqat mahsulotlari uchun kimyoviy qo‘shimchalar” ishlab chiqarish niqobi ostida noqonuniy ravishda dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar tayyorlab kelgan.

Tekshiruvlar davomida mazkur yashirin laboratoriyada aholi orasida keng tarqalgan Vitamix, Gegsi, “Ferrumfer”, Winds Baby, “Lyuvit”, “Yodovit”, “Gepporooz”, “Bifidolin” va “Yodoplyus” kabi 100 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘lgan.

Ular orasida bolalar uchun siroplar, og‘riq qoldiruvchi vositalar, bo‘g‘im va teri kasalliklariga qarshi preparatlar, qon ko‘paytiruvchi dori vositalari, shamchalar hamda maxsus choylar ham bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, mahsulotlar tashqi ko‘rinishi jihatidan xaridorda ishonch uyg‘otadigan tarzda qadoqlangan. Biroq ular mutlaqo antisanitariya sharoitida tayyorlangan va saqlangan.

Tezkor tadbirlar davomida yashirin sexdan 13 ta ishlab chiqarish uskunasi, 6 ta muhr, yaroqlilik muddatini tushiruvchi qurilmalar, 214 ming dona yozuvsiz bo‘sh shisha idish, 78 ming dona bo‘sh kapsula, 503 ming 209 dona tayyor mahsulot hamda 105 kilogramm nomsiz kukun ashyoviy dalil sifatida olingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, musodara qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 5 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida ham Andijonda qalbaki dori vositalari ishlab chiqargan shaxslar qo‘lga olingandi. O‘shanda musodara qilingan mahsulotlarning asl nusxalari qiymati 10 milliard so‘mga baholangan. Mutaxassislar ushbu dorilar sotuvga chiqqanda 200 mingdan ortiq bemor salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan edi.

    Boshqa yangiliklar