Avvalroq xabar berganimizdek, O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositasidan bolalar o`rtasidagi o`lim holatlarining aniqlangan edi. Shundan so`ng O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish boshlangan.
Samarqanddagi bolalar shifoxonasida "Dok-1 Maks" preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani yuzasidan Bolalar ombudsmani tekshiruv o`tkazgani ma`lum qilindi.
Aniqlanishicha, viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazida sentyabr-dekabr oylarida 21 nafar bemor o`tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo`lgan, 3 nafar bemor sog`lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha bo`lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha bo`lgan bolalar.
Bemorlar yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari bo`lgani va davolash maqsadida "Dok-1 Maks" preparati qabul qilishganidan so`ng ahvoli og`irlashganini aytishgan.
Shuningdek, xabarda keltirilishicha, Sog`liqni saqlash vazirining buyrug`i bilan tasdiqlangan "Patologik-anatomik tadqiqotlar o`tkazish tartibi to`g`risida" gi nizomga (22.02.2019 yil ro`yxat raqami 3138) ko`ra davolash-profilaktika muassasalarida vafot etgan shaxslarning o`lim sabablarini aniqlash maqsadida patologik-anatomik tadqiqotlar o`tkazish belgilangan, lekin vafot etgan bemorlarning birortasi ham patologik-anatomik tadqiqotdan o`tkazilmagan.
Eslatib o`tamiz, Ko`p o`tmay Qirg`izistonda ham "Dok-1 Maks" dori vositalarining savdosi to`xtatilgani haqida xabar berilgan edik.