Oliy ta`lim vazirligi ta`til uzaytirilishi munosabati bilan avia hamda temir yo`llarda qo`shimcha joy (reys)lar ajratilishini ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, 9 yanvargacha xarid qilingan avia va temir yo`l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi. Ushbu davrda belgilangan dars mashg`ulotlari o`quv yili davomida tig`izlashtirib o`qitiladi.
Bu davrda ta`lim tashkilotlari pedagog va boshqa xodimlarga amaldagi ish haqi to`lovlari saqlanib qoladi.
Talaba-o`quvchilarning o`z ta`lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo`l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2023 yilning 18 yanvariga qadar uzaytirilgan.
Shuningdek, ma`lum qilinishicha, o`quvchi va talabalarni yashash manzilidan o`z o`quv maskanlariga etkazib kelish maqsadida “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan qo`shimcha poezdlar qatnovini joriy etish bo`yicha harakat jadvallarini ishlab chiqish, hamda mavjud qatnovdagi poezdlarga qo`shimcha vagonlar ulash bo`yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonga anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo`g`indagi ta`lim muassasalarida qishki ta`til muddati 17 yanvarga qadar uzaytirildi. O`qish jarayonlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi.






