Avval xabar berilganidek, O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan «Quramax Medikal» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mas`ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 1863-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta`kidlash lozimki, Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalarining nojo`ya ta`siri oqibatida, hozirga qadar «o`tkir buyrak etishmovchiligi» tashxisi bilan davolangan bemor bolalar hayotdan ko`z yumgan.
Holat yuzasidan DXX matbuot xizmati qo`shimcha ma`lumot taqdim etdi.
Qayd etilishicha, «Quramax Medikal» MChJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu preparatlar «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o`tkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mas`ul xodimlari tomonidan me`yoriy-huquqiy hujjat talablari qo`pol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o`tkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo`l qo`yilgan.
Jinoyat ishi doirasida «Quramax Medikal» MChJning 2 nafar rahbar xodimlari hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJning 2 nafar mas`ul xodimlari gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.
Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida «Quramax Medikal» MChJ tomonidan Hindiston davlatidan O`zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan o`tkazilishi to`xtatildi hamda mamlakatimiz dorixonalaridagi bunday preparatlar yig`ib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.
«Quramax Medikal» MChJga tegishli dori vositalarini O`zbekistonda belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazilganligi hamda sog`liqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat bo`yicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.






