AsosiyMutolaa

Yoshlikda bergan ko`ngil

Avtobusni kutib bekatda uzoq turib  koldim. Kechki payt bo`lgani sababli, avtobuslar qatnovi siyraklashib qolgandi. Bekatda sovuqdan junjikib turarkanman, ellik yoshlar atrofidagi bir ayol kelib,  bekatdagi o`rindiqlardan biriga o`tirdi. Shu payt bekatga yana bir ayol keldi. Ikkalasi tanish ekan, so`rashib ketishdi.
— Kechga qolib, qaerdan kelayapsiz?
Birinchi ayolning kayfiyati juda yaxshi edi, kulgancha javob berdi:
— Asti so`ramang, qaerdan kelayotganimni aytsam, hayron qolasiz.    Sinfdoshlarimning to`yidan, — dedi sovuqqonlik bilan. Ikkinchi ayol rostakamiga hayron buldi.
— Ie, sizning yoshingizda ham sinfdoshlarning to`yi bo`ladimi?
— Ha, bo`larkan. Ikki sinfdosh o`rtog`im oila qurishdi. Sizga aytsam, ular nihoyat o`z sevgilariga erishishdi. Ularni muhabbatlarining tarixi juda uzun. Yoshlikda bergan ko`ngil ayrilmas bo`ladi, deyishadi-ku. Bu gapning haqiqatligiga endi ishondim. Rohila ismli qizimiz Ravshan degan sinfdoshimiz bilan do`stlashib yurardi.  Maktabni tugatganimizcha ularning dustligi sevgiga aylandi. Hammaning ularga havasi kelardi. Sababi, ular uzukka ko`z qo`ygandek bir-birlariga mos edi-da. Maktabni tugatib, oliygohga ham birga kirishdi, bir guruhda o`qiy boshlashdi. Talabalik yillari Rohilani boshqa bir kursdoshi ham qattiq sevib qoldi. Garchi Rohila Ravshanni sevsa-da, uni Ravshandan kam sevmaydigan Sanjar ismli kursdosh yigitidan ham qutila olmay qoldi. Besh yillik o`qishlari davomida unga erishish uchun nimani qilish kerak bo`lsa, barini qildi yigit. Oxiri Ravshandan uni tortib olib uylandi va o`z yurti – Farg`onaga olib ketdi. Alamdan ezilgan Ravshan ham boshqa qizga uylanishga majbur bo`ldi. Keyinchalik xotini bilan Kievga ko`chib ketdi. Xullas, ikkalasining ham boshidan yaxshi-yomon kunlar o`tib, farzandlarini uylantirishdi. Bundan uch yil oldin Rohilaning eri vafot etib, yolg`iz qoldi. Bu orada Ravshan ham xotini bilan ajrashib, yolg`iz o`zi yashab yurgan ekan. Ravshan yolg`iz qolganidan so`ng uch yil davomida Toshkentdagi do`stlariga xat yozib, Rohilani izlabdi. Lekin topolmabdi. Olloh istasa, hamma narsaning ilojini qiladi, deyishgani rost ekan. Tasodifni karang, Ravshan ish bilan Moskvaga borgan ekan. Borgan kuni negadir tuni bilan Rohilani o`ylab chiqibdi. Ikkinchi kuni ko`chaga aylanishga chiqqanda xam uni o`ylashni kanda qilmabdi. Bir payt qarasa, qarshisidan xayol surib Rohila kelayotgan emish. Buni karangki, 25 yildan ko`p vaqt davomida ko`rishmagan bo`lishsa-da, bir-birovlarini uzoqdan tanishibdi. Ma`lum bulishicha, Rohilaning bir qizi Moskvada yasharkan. Rohila qizinikiga mehmonga kelgan ekan. Ravshan bilan uchrashgan kunlari u ham tuni bilan olis muhabbatini o`ylab, uxlay olmay chiqqan ekan. Kunduzi yuragi siqilib, ko`chani aylanib kelish uchun chiqibdi va Ravshanni uchratib qolibdi. Ular bir-birlaridan hol-ahvol so`rashib, kuni bilan birga bo`lishibdi. O`zlarini uchrashtirgan Ollohga shukronalar bildirishibdi. So`ng bir daqiqaga ham ajralmaslikka ahd qilishibdi. Maslahatni bir joyga qo`yib, Toshkentga qaytishibdi. Sababi, Rohila erining ma`rakalarini o`tkazib, yilini berganidan sung Farg`onadagi uy-joyini o`g`li va keliniga qoldirib, o`zi qarindoshlariga yaqinroq bo`lish maqsadida Toshkentga ko`chib kelgan ekan. Xullas, ular Toshkentga etib, qarindosh-urug`larini uylariga chaqirib, o`z niyatlarini bildirishibdi. Hammalari ularning qarorini ma`qullashibdi. Bugun ularning to`ylari munosabati bilan uyushtirilgan ziyofatga borgan edim. Rohila bilan yaqin dugonaman. Yillar davomida do`stligimiz buzilmagan. Shuning uchun bu gaplardan birinchi bo`lib, men xabar topdim va elib-yugurib to`ylariga bosh-qosh bo`ldim. Ana shunaka gaplar, — deya o`z hikoyasini tugatdi birinchi ayol.
— Juda ajoyib voqea,  — dedi hayratlanib, ikkinchi ayol. Shu payt ular kutgan avtobus keldiyu, har ikkalasi avtobusga o`tirib ketib qolishdi. Yana yolg`iz koldim. Aslida men kutgan avtobus bundan necha daqiqa oldin kelib-ketgandi. Men ayolning hikoyasini oxirigacha eshitish maqsadida unga chiqmagandim. Nihoyat, men kutgan avtobus keldi. Uyimga ketarkanman, sovuqni ham unutgandim. Qalbimni ajib bir iliqlik egallagandi.

Anjela  Ro`zimatova

Boshqa yangiliklar