Angrendagi maktabga borgan va Angren shahar prokurori deya ta`kidlanilayotgan shaxsning o`qituvchilarga munosabati internet tarmoqlarida keng salbiy muhokamalarga sabab bo`ldi.
Maktabgacha va maktab ta`limi vaziriligining ma`lum qilishicha, pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Ushbu videolavha Bosh prokuraturaga yuborilgan va holat hozirda o`rganilmoqda.
"Jamiyatda o`qituvchining obro`sini oshirishni har birimiz o`zimizdan boshlashimiz lozim. Bu borada kattalar yoshlarga o`rnak bo`lishi va har doim barchamizga bilim bergan ustozlarga hurmat bilan muomalada bo`lishimiz shart.
O`rni kelganda, Prezidentimiz tomonidan o`qituvchilarning nufuzini oshirish borasida qator topshiriqlar berilganini va “O`qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman” deganlarini alohida ta`kidlash lozim", - deyiladi rasmiy bayonotdi.
Shuningdek, qayd etilishicha, “Majburiy mehnat to`g`risida”gi Konvensiyaning (Jeneva, 28.06.1930) 6-moddasiga asosan ma`muriyat amaldorlari, hatto ularning vazifasi ularga ishonib topshirilgan aholini qandaydir mehnat shakli bilan band qilishga ko`maklashishdan iborat bo`lsa-da, ushbu aholi yoki alohida shaxslarni xususiy shaxslar, kompaniyalar yoki tashkilotlar uchun ishlashga majbur qilishi mumkin emasligi belgilangan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” 2018-yil 10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq Bosh prokuraturaga O`zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo`llash tavsiya etilganligi eslatib o`tilgan.