Daniyalik huquqshunos va o`ta o`ngchi "Qattiq kurs" partiyasi asoschisi Rasmus Paludan Kopengagendagi masjid oldida ham muqaddas kitobni yoqib yubordi.
Oldinroq ushbu siyosatchi Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qur`onni yoqib yuborgandi. Sodir bo`lgan voqea haqida Anadolu agentligi xabar bermoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, Paludanning aksiyasi juma namozidan keyin mahalliy masjid qarshisida sodir bo`lgan. Himoya kaskasini kiyib olgan siyosatchi polisiya himoyasida bo`lgan. Stokgolmda bo`lgani kabi Kopengagenda ham ushbu aksiya mahalliy hukumat bilan kelishilgan.
The Local’ning yozishicha, Paludan Daniyada bu kabi aksiyalarning kamida yana ikkitasini o`tkazishni rejalashtirgan, ulardan biri Kopengagendagi turk elchixonasi qarshisida o`tkaziladi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Daniya elchisini Paludanning aksiyasini ma`qullaganiga norozilik bildirish maqsadida vazirlikka chaqirtirgan.
Eslatib o`tamiz Shvesiyadagi Turkiya elchixonasi oldida o`tkazilgan namoyishda Qur`on kitobi yoqib yuborilgan edi.
Niderlandiyada ham Qur`on kitobi yirtib, yoqib yuborilgandi. "PEGIDA" harakati etakchisi bu bilan Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi oldida "Qur`on" kitobi yoqib yuborilganidan so`ng tanqidga uchragan daniyalik siyosatchi Rasmus Paludanni qo`llab-quvvatlagan edi.