Joriy yilning 6 fevral tongida Turkiya va Suriyada sodir bo`lgan kuchli zilzila bir necha o`n minglab insonlar yostig`ini quritdi, minglab binolar vayron bo`ldi.
Turkiya qurilish sohasida ancha ilg`or mamlakatlar qatoriga kiradi. Shunday bo`lsada, mamlakatda qurilgan ko`p qavatli uylar zilzilalarga bardosh bera olmadi.
Xo`sh, O`zbekistonda qurilayotgan uylar zilzilalarga bardosh bera oladimi?
Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi shu savolga javob berdi.
Unga ko`ra:
“Shaharsozlik kodeksining 5-bob, 26-moddasida qurilishni nazorat qilishda funksional majburiyatlar belgilab qo`yilgan. Bunda shaharsozlik faoliyati sub`ektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik ko`rish va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash ishlarini bajarish qat`iy nazorat qilinadi. Shuningdek, ob`ektni foydalanishga qabul qilib olish davrida shaharsozlik to`g`risidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik norma va qoidalari talablariga rioya etilishi tekshiriladi.
Ob`ektlarni qurish chog`ida qurilish ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati bo`lishi talab etiladi. Belgilangan qonunchilikka ko`ra, bino va inshootlarning zilzila bardoshliligiga ta`sir qiluvchi, shuningdek, fuqaro hayoti va sog`lig`iga tahdid soluvchi konstruktiv qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda qurilish-montaj ishlari to`xtatib qo`yiladi. Shu bilan birga demontaj ishlari amalga oshirilishi talab qilinadi.
Agar sifatsiz qurilish materiallari, konstruksiyalar hamda buyumlar qo`llanilgan bo`lsa, ularni ishlab chiqarishni, realizasiya qilish hamda qo`llashni to`xtatib turish haqida tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar yuboriladi.
Bu jarayonlarda qurilishda nazorat inspeksiyasi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ekspertlari ishtirokida davlat nazorati tartibida tekshiruvlar o`tkaziladi.
Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida qurilish ishlarida sifatga kafolat berish hamda ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda pudratchining javobgarligi ham belgilab qo`yilgan.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, loyiha tashkilotlari tomonidan qurilishlar hududning belgilangan seysmik baliga ko`ra (7, 8, 9) rejalashtirilgan holda loyihalashtiriladi. Ekspertiza organlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda ob`ektning loyiha smeta hujjatlari, yig`ma ekspertiza xulosasi (bunda yong`in xavfsizligi va seysmik bardoshliligi inobatga olinishi zarur) olinadi”.






