24 fevral kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po`lat Bobojonov tomonidan Buxoro viloyatida ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga oid tezkor yig`ilish o`tkazildi. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig`ilishda Buxoro viloyatida o`tgan yilning hisobot davrida jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari, jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda boshqa yo`nalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama etildi.
Shuningdek, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining amalga tatbiq etilishida barcha sektorlarning rahbarlari va mahallalarda shakllantirilgan beshlikning hamkorlik masalalariga jiddiy e`tibor qaratilib, kriminogen vaziyatga ta`sir etuvchi ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yig`ilishda Ichki ishlar vazirining buyrug`i bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i lavozimiga polkovnik Miralimov Mirjamol Yuldashevich tayinlandi.
Tadbirda ko`tarilgan muammolar va echimini kutayotgan masalalar bo`yicha yig`ilish ishtirokchilarining taklif va mulohazalari tinglanib, yangi tayinlangan viloyat IIB rahbariga tegishli topshiriqlar berildi.






