Davlatimiz rahbari Qarshi tumanidagi Yangi Batosh mahallasida bo`lib, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Bu erda 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Hudud obodonlashtirilib, tadbirkorlik rivojlanmoqda. To`qimachilik korxonasi, dorixona, minibank, oziq-ovqat do`konlari va xizmat ko`rsatish ustaxonalari aholi xizmatida.
Mahallada Kasanachilik markazi tashkil etilmoqda. Prezident unda yaratilayotgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi.
Bu erda tikuvchilik, charmdo`zlik, gilamchilik mahsulotlari tayyorlanishi bilan birga kasanachilarga ish ham o`rgatiladi. Hokim yordamchisi hamda xotin-qizlar faoli tomonidan ishsiz fuqarolar aniqlanib, qiziqish va xohishlariga ko`ra yo`nalishlar bo`yicha ustalarga biriktiriladi. Buyurtmalarni tayyorlashni to`liq o`zlashtirgan kasanachilarga uyida ishlashi uchun kerakli dastgoh hamda xomashyo beriladi. Buyurtmachi va kasanachi o`rtasida tuzilgan shartnomalar hokim yordamchisi tomonidan “Yagona mehnat milliy tizimi”ga kiritiladi.
Davlatimiz rahbari bu erdagi hunarmandlarni xomashyo bilan ta`minlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning ma`lum xonalarini kasanachilarga ajratish bo`yicha topshiriqlar berdi.
- O`zi hunar o`rganishning eng katta zamini - mahalla. Bu an`anamizdan foydalanib, kasanachilik asosida, ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham ma`naviy, ham moddiy kuch bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Markaz Yangi Batoshdan tashqari unga tutash Batosh, Xoniyon, Taraqqiyot, Dasht, Jumabozor kabi mahallalarga ham xizmat qiladi. U to`liq ishga tushsa, qariyb 24 ming nafar aholi bandligida muhim omil bo`ladi.






