Toshkent viloyati IIBB bloger Emine-Lemara Mirzaahmedovani hibsga olinishi yuzasidan rasmiy ma`lumotni e`lon qildi.
Ma`lum qilinshicha, 47 yoshli Lemara Mirzaaxmedovaga tegishli “TEX KREDO” MChJga, Yangiyo`l tumani hududida joylashgan, xotira maydonchasini zamonaviy shaharsozlik talablari darajasida ta`mirlash uchun, shartnoma asosida, mahalliy byudjet hisobidan, 329 mln. 300 ming so`m miqdordagi pul mablag`lari ajratib berilgan.
Keyinchalik, mazkur shartnoma ijrosi yuzasidan o`tkazilgan auditorlik tekshiruvida esa, pudratchi MChJ rahbari, 47 yoshli Lemara Mirzaaxmedova (ijtimoiy tarmoqlarda Emina Karamanova taxallusi bilan tanilgan) va boshqalar tomonidan, aslida bajarilmagan 227 mln 135 ming so`mlik ishlarni qo`shib yozish orqali, rasman bajarilgan ishlar hisobiga kiritib, ko`p miqdorda byudjet mablag`larini talon taroj qilganliklari aniqlangan.
Boshqa bir holatda ham, ushbu MChJ mansabdorlari tomonidan, xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi, 7-sonli maktabning qo`shimcha xo`jalik binosini qurib berish uchun, shartnoma asosida 157 mln so`m byudjet mablag`lari ajratilgan bo`lib, ish hajmini qo`shib yozish orqali, haqiqatda bajarilmagan ishlar uchun yana 13 mln 441 ming so`m pullar talon taroj qilingan.
Mazkur holatlar yuzasidan, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), uchinchi qismi, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va qalbakilashtirish, sotish yoki foydalanish), 2 va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
“Hozirda, pudratchi “TEX KREDO” MJCh rahbari Lemara Mirzaaxmedova himoyachi bilan ta`minlangan xolda, jinoyat ishiga jalb etilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuni alohida qayt etish joizki, mazkur jarayonlar fuqaro Mirzaaxmedovaning OAVdagi blogerlik faoliyatiga aloqador emas”, — deyiladi xabarda.