Bir necha kun avval bir guruh jurnalistlar va jamoat faollari O`zbekiston prezidentiga ”yashirin, lekin kuchli senzura“ yuzasidan murojaat qilgandi. Murojaat mualliflari davlat rahbaridan matbuotning tom ma`nodagi mustaqilligini ta`minlashda tarixiy yordam berishini so`ragan. Jurnalistlar uyushmasi mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.
Bayonotga ko`ra, yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim o`tkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini o`zgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh bo`linmagan. Uyushma bayonatining to`ltq matni bilan tanishing:
“O`tgan hafta yakunida ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh jurnalistlar va jamoat vakillaridan deb nomlangan murojaatnoma O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nomiga yo`llanganiga guvoh bo`ldik.
Avvalo, shuni aytish joizki, keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo`lgan ushbu “murojaatnoma”da o`tgan yillar mobaynida O`zbekistonda matbuot erkinligi muhiti sezilarli darajada shakllangani ta`kidlangan holda “hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura” bezovta qilishi, “tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy to`siqlar, bosimlar, qo`rqitishlar saqlanib qolgani” aytiladi. Yana “matbuot o`zi istagan mavzuni ko`tara olmayotgani” va “davlatning axborotni nazorat qilishga mas`ul bo`lgan muassasasi tahririyat va blogerlarga mutassil ravishda bosim qilayotgani”ni iddao etilgan.
Ochig`i, ushbu murojaat bundan 7-8 yil avval e`lon qilinganda edi, ehtimol biror fikr bildirishga hojat bo`lmas edi. Negaki, bugun yurtimizda ochiklik siyosati, so`z va matbuot erkinligi ustuvordir. Yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim o`tkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini o`zgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh bo`lmadik.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning so`z erkinligi ta`minlanishida sobitligi, ochiqlik siyosati bu boradagi islohotlarning ortga qaytmas tus olgani, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bo`yicha qo`yilgan qadamlar matbuot sohasida keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Jumladan, uzoq yillar davomida yopib qo`yilgan qator internet nashrlari ochildi, OAVda erkin faoliyat yuritish muhiti shakllandi, turfa “qora ro`yxatlar”ga barham berilganiga barchamiz shohidmiz. OAV vakillariga hech kim, biron-bir davlat tashkiloti “uni yozma, buni yoz” deyayotgani yo`q. Jurnalist va blogerlarimiz mavjud muammolarni dadil ko`tarib chiqmoqda. Birgina 2023-yilning yanvar oyida matbuotda va internet nashrlarida hukumat va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga daxldor 1300 dan ziyod tanqidiy materiallar e`lon qilinganining o`zi yuqoridagi fikrimizning dalilidir.
Ammo ming afsuski, ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan so`z erkinligini suiste`mol qilish, matbuotdek muqaddas minbardan shaxsiy manfaat, soxta obro`-e`tibor yoki boshqa g`arazli maqsadlarda foydalanish hollari uchrab turibdi. Ularga qonuniy choralar ko`rilayotgani esa ba`zi bir jurnalist va blogerlar tomonidan bilib-bilmay noxolis talqin qilinmoqda.
O`zbekiston jurnalistlarining kasb etika kodeksiga, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga rioya etmasligi kabi salbiy holatlarni albatta, oqlab bo`lmaydi. Biroq ularni tartibga chaqirish, qonun asosida faoliyat olib borishga chorlash so`z erkinligiga tajovuz, bosim yoxud senzura hisoblanmaydi!
Ommaviy axborot vositalari vakillarini doimiy ravishda qo`llab-quvvatlab kelayotgan davlatimiz rahbari “Men haqiqat va adolatni o`z e`tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo`ladi” deya alohida ta`kidlagan.
Qolaversa, ayni kunlarda ham mamlakatimizda matbuot va so`z erkinligi ta`minlanishini yanada kuchaytirish, bu borada qonuniylikni ta`minlash, jurnalist va blogerlarni har jihatdan qo`llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko`lamli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, yangilanayotgan Konstitusiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to`sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`lishi belgilab qo`yilayotgani, Axborot kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani bunga yana bir yorqin misoldir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytishimiz mumkinki, bir guruh jurnalist va blogerlarning davlatimiz rahbariga murojaat yo`llaganining o`zi ham mamlakatimizda so`z erkinligining ochiq ekanligidan dalolat beradi”, deyilaji bayonotda
Ma`lumot uchun, Prezidentga yo`llangan murojaatda qayd etilishicha, matbuot o`zi istagan mavzuni ko`tara olmayapti.
”Ayni paytda, biz jurnalistlar va jamoatchilik vakillarini hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura ham bezovta qilyapti. Tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy to`siqlar, bosimlar, qo`rqitishlar saqlanib qolyapti», deyiladi murojaatnomada.
Jurnalistlar, bloger va faollarning ta`kidlashicha, ular so`z va fikr erkinligi orqali O`zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdor emas.
”Biz xavfsizlikni so`z va fikr erkinligining poydevori sifatida ko`ramiz. Lekin so`z va fikr erkinligisiz ta`minlangan xavfsizlikni — noqis, zaif va vaqtinchalik xavfsizlik deb bilamiz“, deyiladi murojaatnomada.
Mualliflar Prezidentdan O`zbekistonda so`z va fikr erkinligini kuchliroq himoya qilishini, bu borada konstitusiya va amaldagi qonun normalari to`liq ishlashini, ma`lum davlat muassasalarining jurnalistlarga, matbuotga, blogerlarga bosimlarini to`xtatishda yordam berishinini so`ragan.
”Biz O`zbekistonni kuchli, raqobatbardosh, halqaro maydonda obro`li davlat sifatida ko`rishni istaymiz. Buning uchun, O`zbekistonda matbuot va so`z erkinligi muttasil kuchayib borishi lozim. Ammo haligacha O`zbekiston matbuoti ko`rinmas, lekin jiddiy nazorat ostida ekanini achinarli va kelajak uchun xavfli vaziyat deb bilamiz”, — deyiladi murojaatnomada.
”Muhtaram Prezident, O`zbekistonda matbuotning tom ma`nodagi mustaqilligini ta`minlashda tarixiy yordam berishingizni iltimos qilamiz”, — deya murojaatga yakunida.






