Samarqandda bir fuqaro o`zini O`zbekiston IIVda ishlashini aytib, ichki ishlar tizimi bilan bog`liq masalalarni hal qilib berish evaziga fuqarolardan pul olayotganligi to`g`risida ma`lumot olinib, tekshiruv o`tkazildi, deya xabar bermoqda viloyat IIB Matbuot xizmati.
Uu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u 1992 yil Pastdarg`om tumanida tug`ilganligi, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin bo`shaganligi va bugun vaqtincha ishsiz ekanligi ma`lum bo`ldi.
Aniqlanishicha, Samarqand shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro IIBga murojaat qilib borgan vaqtida, qo`lga olingan fuqaro o`zini O`zbekiston IIVda ishlashini aytib, nima sababdan IIBga kelganini so`rab bilgan. Uni qo`rqitib, ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5000 AQSh dollari talab qilgan. Fuqaro ham uddaburonlik qilib o`rtalarida bo`lib o`tgan suhbatni o`ziga tegishli bo`lgan telefon apparati yordamida yozib olgan va yozib olingan ovozni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlariga topshirgan.
Shunga asosan joriy yilning 2 mart kuni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazilib, o`zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo`lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.






