AsosiyJamiyat

Senatning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar ustidan nazorati kuchaytirilmoqda

'Senatning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar ustidan nazorati kuchaytirilmoqda'ning rasmi

Yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatining bir qator vakolatlari kuchaytirilmoqda.

Xususan, Konstitusiyaning 95-moddasida:

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga:

2) O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ko`rib chiqish hamda ma`qullash;

3) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidantaklif etilgan O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar o`tkazish;

11) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o`z faoliyatini amalga oshirishda ko`maklashish;

12) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlari qonunchilik normalariga muvofiq bo`lmagan taqdirda, ushbu organlarning qarorlarini bekor qilish kirishi belgilanmoqda.

Harakatlar strategiyasi doirasida 2017 yildan Senat faoliyatida keng islohotlar boshlangan edi. O`tgan yillar davomida Senat xalqqa yaqinlashdi — senatorlar faqat qonun loyihalarini ko`rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, joylarda aholi bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarga echim topishga kirishdi. 

Avval Senat O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to`g`risidagi Prezident farmonlarini tasdiqlash vakolatiga ega bo`lgan bo`lsa, endilikda mazkur lavozimlarga nomzodlar Prezident tomonidan taqdim etiladi va Senat ko`rib chiqadi.  

Amaldagi tartibdan asosiy farq shundaki, Senat nomzodning Bosh prokuror yoki Hisob palatasi raisi kabi muhim lavozimga maqbullik darajasini ko`rib chiqib, hal qilish vakolatiga ega bo`ladi. Shuningdek, maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senatda ko`rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilmoqda.

Oliy Majlis Senati mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o`z faoliyatini amalga oshirishda ko`maklashadi.

Butun dunyoda parlamentlarning asosiy vazifasi jamiyatdagi turli manfaatlarni mamlakat ravnaqi yo`lida birlashtirishdan iboratdir. Qolaversa, rivojlangan mamlakatlarda parlament davlat va jamiyatning boshqa institutlari bilan turli aloqalar tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha muhim kommunikasiya vositasi vazifasini o`tab kelayotgani hech kimga sir emas. Buni yanada soddaroq izohlaydigan bo`lsak, parlament davlat hamda xalq o`rtasida o`ziga xos ko`prikdir.

Masalan, Germaniyada Bundesrat (yuqori palata) federasiya sub`ektlari va Federal hukumat o`rtasidagi nizolarni hal etish choralarini ko`radi. Hindistonda esa, yuqori palata shtatlarga ko`maklashadi va ularni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rejalashtirishda ishtirok etadi. 

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari esa bevosita mahalliy aholi irodasini ifoda etuvchi birlamchi bo`g`indir. Islohotlarning qonuniy asosini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida hududlar manfaatlariga mos qarorlar ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishiga erishish zarur. Ularning faoliyatiga ko`maklashish Senatning vakolatiga kiritilishi esa mahalliy kengashlar faoliyatida ijobiy o`zgarish bo`lishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlari qonunchilik normalariga muvofiq bo`lmagan taqdirda, ushbu organlarning qarorlarini bekor qilish Senat vakolatlari sirasiga kiritilmoqda.

    Boshqa yangiliklar