Oziq-ovqat inqirozidan eng ko`p jabr ko`rgan mamlakatlarda to`yib ovqatlanmaydigan homilador va emizikli bolasi bor ayollar soni 5,5 milliondan 6,9 millionga etdi. Bu haqda BMT Bolalar jamg`armasi (UNICEF)ning Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida e`lon qilgan hisobotida so`z boradi.
Inqirozga uchragan mamlakatlarda so`nggi yillarda to`yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgan yosh ayollar soni keskin oshgan. Bu davlatlar qatoriga Afg`oniston, Burkina-Faso, Yaman, Keniya, Mali, Niger, Nigeriya, Somali, Sudan, Chad, Efiopiya va Janubiy Sudan kabilarni kiritish mumkin.
Qayd etilishicha, dunyo bo`ylab bir milliarddan ortiq qiz va ayollar to`yib ovqatlanmaslik, tana vaznining kamligi va bo`yi pastligi, shuningdek, muhim mikroelementlar tanqisligi va kamqonlikdan aziyat chekmoqda. Bu ularning hayoti va farovonligi uchun halokatli oqibatlarga olib keladi.