2022 yil davomida Rossiyadan 37 nafar, Qozog`istondan 4 nafar, Turkiyadan 2 nafar voyaga etmaganlar, jami 43 nafar bola O`zbekistonga qaytarib olib kelindi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022 yil maboynida Bola huquqlari bo`yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to`g`risida jami 696 ta murojaatlar qabul qilindi.
Murojaatlar Ombudsman o`rinbosari – Bola huquqlari bo`yicha vakil tomonidan to`liq nazoratga olingan. 374 ta murojaat tegishli tartibda ko`rib chiqilgan. Jumladan, 64 ta murojaatlar qanoatlantirilgan, 310 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Aliment olish huquqiga doir 29 ta murojaat bo`yicha 2022 yil davomida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 mln so`m aliment undirib berilishi ta`minlangan.
Shuningdek, 2021-2022 yillarda jami ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga mo`ljallangan 21 ta bolalar muassasasi faoliyati tugatildi.
Respublika bo`yicha jami 139 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo`lib, ularda 822 nafar bolalar tarbiyalanmoqda.
O`zbekistonning bolalar va ayollarni nizoli hududlardan olib kelish va ularni jamiyatga moslashtirish bo`yicha tajribasi xalqaro miqyosda e`tirof etilmoqda. Ushbu tajribani o`rganish maqsadida mamlakatga Qirg`iziston, Turmaniston, Maldiv Respublikalarining delegasiyalari tashrif buyurdi.
Yil davomida Rossiya Federasiyasi va Qozog`iston Respublikasi Bola huquqlari bo`yicha vakillari tomonidan 15 ta murojaat qabul qilinib, barchasi ijobiy hal etilgan.






