AsosiyJamiyat

Qo`shrabotlik erkak 48 yoshli opasiga o`z jigarini berdi

'Qo`shrabotlik erkak 48 yoshli opasiga o`z jigarini berdi'ning rasmi

Samarqand davlat tibbiyot universitetida Turkiyaning Istanbul shahridagi “Medical Park” tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda jigar transplantasiyasi amaliyoti o`tkazildi.

Bemor Saida Nurmurodova – 48 yoshda. Qo`shrabot tumanidan. Bundan 3 yil avval unga og`ir xastalik —  jigar sirrozi tashxisi qo`yilgan. Shundan so`ng vaqti-vaqti bilan konservativ muolajalar olib kelgan.

Biroq davo choralari kutilgan natija bermagach, ushbu universitet klinikasi mutaxassislariga murojaat qilgan. Kasallik terminal bosqichga o`tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida jigar ko`chirib o`tkazish amaliyoti tavsiya etilgan.

Tibbiy tekshiruvlardan so`ng bemorning 1977 yilda tug`ilgan ukasi Asliddin Alimov jigarining bir bo`lagini ko`chirib o`tkazish uchun barcha ko`rsatkichlar mos kelgan.

Samarqand davlat tibbiyot universitetida bajarilgan operasiya 8 soat davom etdi. Hozir bemor hamda donorning ahvoli yaxshi. Ularning har ikkalasi shifokorlar tomonidan tibbiy nazoratga olingan va kerakli tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.

— Bunday murakkab operasiyani bajarish uchun universitetimiz ko`p tarmoqli klinikasining Xirurgiya bo`limi yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, — deydi oliy o`quv yurti rektori Jasur Rizaev. — Qolaversa, “1-son xirurgik kasalliklar”, “Anesteziologiya, reanimasiya va shoshilinch tibbiyot” va “1-ichki kasalliklar” kafedralari professor-o`qituvchilari klinikaning etakchi mutaxassislari bilan birgalikda Turkiyaning "Medical Park" tibbiyot markazida bir yil davomida malakalarini oshirib qaytdi.

Rejaga ko`ra, turk mutaxassislari bilan imzolangan memorandum doirasida mazkur klinikada yaqin kelajakda yiliga 50 ga yaqin jigar transplantasiyasi amaliyotini bajarish imkoniyati yaratiladi.

    Boshqa yangiliklar