O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugi “Termiz” dala o`quv maydonida Mudofaa vazirligi qo`shinlarining brigada taktik o`quvini kuzatdi.
So`nggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz tubdan isloh qilinib, qo`shin turlarining qo`llanilish taktikasi va strategiyasi takomillashtirildi. Bo`linmalarning hamkorligini tashkil etish, jangovar harakatlar va operasiyalarni uchuvchisiz uchish apparatlari, aviasiya va artilleriya imkoniyatlaridan kengroq foydalangan holda olib borishning zamonaviy tajribasi amaliyotga joriy etildi.
Xususan, bu jarayon guruh, vzvod va brigada taktik o`quvlarida topshiriqlarni minimal yo`qotishlar bilan bajarish, qurol-yarog` va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qo`llash, aviasiya yordamida umumqo`shin bo`linmalariga madad berish, o`tish qiyin bo`lgan tog`li va cho`l hududlarida, shahar sharoitlaridagi maxsus operasiyalar, bo`linmalarni evakuasiya qilish kabi mashqlarda o`z aksini topmoqda.
Ushbu mashg`ulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda o`tkazildi.
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni dala o`quv maydonida harbiy xizmatchilar bilan olib borilayotgan 20 dan ortiq o`quv joylaridagi jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlari bilan tanishdi. Shuningdek, dala sharoitida mobil texnik-ta`mirlash zavodining imkoniyatlari, qo`mondonlik boshqaruv punkti faoliyati ko`zdan kechirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan so`ngi olti yil davomida Mudofaa tizimidagi barcha dala o`quv maydonlari, harbiy qism va muassasalarda xalqaro talablar asosida qurilish va ta`mirlash, zamonaviy vositalar bilan jihozlash ishlari olib borildi.
“Termiz” dala o`quv maydonida ham Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibining dala sharoitida jangovar bilim, ko`nikma va ruhiy tayyorgarligini oshirish, taktik o`quvlarni o`tkazish hamda harbiy san`at sohasida izlanishlar olib borish, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg`or sharoitlar yaratildi.
Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni ko`zdan kechirdi.
Shu erda brigada taktik guruhi shaxsiy tarkibi bilan muloqot bo`ldi. Prezidentimiz dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta`minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o`zagini tashkil etishi kerakligini ta`kidladi.
Prezident qo`shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.






