O‘zbekistonda jarima ballari 12 tadan oshgan haydovchilar soni 107 nafarga yetdi. Bu haqda 19 may kuni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, endilikda ushbu haydovchilar sud tartibida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Shuningdek, ular majburiy o‘quv kurslarida qatnashib, qayta nazariy va amaliy imtihon topshiradi.
Yangi tartibga ko‘ra, nazariy imtihon avvalgidek 20 ta emas, 50 ta savoldan iborat bo‘ladi. Haydovchilar imtihondan o‘tish uchun kamida 46 ta savolga to‘g‘ri javob berishi talab etiladi.
Ma’lumot uchun, 8 may holatiga ko‘ra, jarima ballari 12 tadan oshgan haydovchilar soni 49 nafarni tashkil etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 iyundan boshlab YPH xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12 ta moddasi asosida rasmiylashtirilgan bayonnomalar uchun jarima ballari hisoblanishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, 2026 yil 1 apreldan avtomatik ravishda qoidabuzarliklarni aniqlovchi qurilmalar tomonidan qayd etilgan ayrim huquqbuzarliklar uchun ham jarima ballari berilishi belgilangan. Ular qatoriga svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, qarshi yo‘lakda harakatlanish hamda tezlik me’yoriga amal qilmaslik kabi holatlar kiradi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga muvofiq, bir yil davomida 12 jarima balli to‘plagan haydovchilar kamida 6 oy muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi.
Endilikda ushbu haydovchilar sud qarori asosida haydovchilik huquqidan mahrum qilinib, qayta imtihon topshiradi. Nazariy sinov esa avvalgidan ancha murakkab bo‘ladi.






