Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar bo`limi tomonidan shahar ETK xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “H.b.” oilaviy korxonasi mas`ul shaxslari qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish sexini hech qanday hujjatlarsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulab, 981,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Shu kabi, Departamentning Shahrixon tuman bo`limi tomonidan tuman ETK xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.E.” MChJ rahbari L.A. “Qo`rg`oncha” MFYdagi rezina buyumlar ishlab chiqarish sexini hech qanday hujjatlarsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulab, 825,2 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Andijon shahar bo`limi tomonidan shahar ETK xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, fuqarolar I.K., B.G. va boshqalar tikuvchilik va qandolatchilik sexlarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o`zboshimchalik bilan ulab, 681,9 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Xo`jaobod tuman bo`limi tomonidan tuman ETK xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro Sh.A. “Beshqovoq” MFYdagi bilyard o`yingohini hech qanday hujjatlarsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulab, 164,8 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga qariyb 1 mlrd so`m zarar zarar etkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






