Islom taraqqiyot banki Qoraqalpog`istonda qishloq hududlarini rivojlantirish uchun 200 million dollar ajratdi. Bu haqda UNDP Uzbekistan xabar berdi.
Islom taraqqiyot bankining O`zbekistondagi monitoring missiyasi doirasida delegasiya rahbari Vaxyu Vijayantoning Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farxod Ermanov, Iqtisodiyot va Moliya vazirligining Loyihani amalga oshirish guruhi va BMTTD vakillari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Qoraqalpog`istonning maqsadli hududlarida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining borishi va loyiha tashabbuslarini amalga oshirishdagi muammolarni muhokama qilishdi.
Mazkur loyihadan ko`zlangan asosiy maqsad mahalliy aholining faol ishtiroki orqali qishloq hududlarini rivojlantirishdan iborat.
“Bugungi kunga qadar loyiha 113 ta qishloqni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqdi. Ulardan 31 tasi Qoraqalpog`istonning 5 ta tumanidagi 160 ta ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarini yaxshilashga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Islom taraqqiyot banki O`zbekistondagi maktablarni qurish va ta`mirlashga mablag` ajratishni rejalashtirgani ma`lum qilingandi. Ajratilgan mablag`lardan ayrim maktablar ta`mirlanadi hamda yangi maktablar va sport zallar quriladi.






