Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko`paytirish bo`yicha vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Mamlakatimizning energetika mustaqilligini ta`minlash maqsadida barcha manbalardan foydalanilmoqda. Jumladan, bunda gidroenergetika salohiyati katta o`ringa ega. Yana bir muhim tomoni, bunday stansiyalarda kunu tun barqaror energiya olish mumkin.
So`nggi yillarda 15 ta yangi gidro elektr stansiya ishga tushirilgani, 12 tasi modernizasiya qilingani natijasida qo`shimcha 260 Megavattli quvvatlar yaratildi. Bugungi kunda gidroenergetika quvvatlari 2,1 ming Megavattga etib, yiliga 6,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, gidroenergiya quvvatlarini 1 ming Megavattga oshirish, xususiy sektor ishtirokida 38 Megavattli 58 ta mikro GES qurish imkoniyati hisob-kitob qilingan.
Yig`ilishda shu borada amalga oshirayotgan ishlar to`g`risida hisobot berildi. Bu yil “O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kamida 7 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi ma`lum qilindi.
Mutasaddilarga Pskom, Norin, To`palang daryolarida aniqlangan maydonlarda 36 ta o`rta va yirik gidro elektr stansiyalarni loyihalashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, xususiy sektor ishtirokida 9 Megavattli 26 ta mikro GES barpo etiladi.
“Katta Andijon” kanalida 23 Megavattli 3 ta hamda To`palang daryosida 16 Megavattli bitta GES qurish bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqildi.
Joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1,7 ming Megavatt quyosh panellari o`rnatilishi rejalashtirilgan. Viloyatlarda bu bo`yicha faol ish boshlangan.
Xususan, qisqa vaqtda ijtimoiy sohada 62 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 23 Megavatt, aholi xonadonlarida 20 Megavatt quyosh panellari o`rnatilgani qayd etildi.
Yig`ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish, “yashil energiya”ni rivojlantirish bo`yicha tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash zarurligi ta`kidlandi.