O`zbekiston prezidentining 2023 yil 24 fevraldagi qarori hamda 6 iyundagi farmonigaasosan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo`mitasi huzuridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti Toshkentdan Andijonning Marhamat tumaniga ko`chirilmoqda. Institut joylashgan hudud — Shayxontohur tumanidagi ”Ipakchi” MFY aholisi muassasa atrofidagi 18 mingga yaqin daraxtning keyingi taqdiridan xavotirda.
Ilmiy tadqiqot insituti direktori fikriga ko`ra, o`tmishda mazkur institut maydoni qariyib 100 gektar maydonni egallagan. Hududda juda ko`p daraxt tutlar bo`lgan. Aholi ko`payishi ortidan institut maydoni teng 5 barobarga qisqartirilib, daraxt massasi yo`q qilingan va o`rnida qurilish ob`ektlari bunyod etilgan.
Mazkur xabardan so`ng bir guruh jamoatchilik faollari daraxtlarni saqlab qolish kerakligini aytib chiqishdi.
”Mikrafon ko`targan ayol” blogi admini Aziza Qurbonova jamoatchilikdan toza havo uchun yordam so`radi. U o`z sahifasida quyidagicha post qoldirdi:
“Cho`l ichra yam-yashil hudud. Poytaxtda bunday manzarani topish qiyin, to`g`rimi?
Bu manzara muvaqqat ham bo`lishi mumkin…
“Ipakchilik” - Shayxontohurning eng mashhur va gavjum maskani. 7 ming xonadon yashaydi. Ipakchilik ilmiy tadqiqot institutiga tegishli 20 gektar hududda 18 mingta tut, chinorlar, noyob tut kolleksiyasi, manzarali daraxtlar bor. Ammo yaqinda institut Prezident qarori bilan Andijonda yangi ochilgan fakultetga ko`chib ketadi. Uning ishlab turgan va eski binosi, ulkan bog` o`rni esa tez orada tenderga qo`yiladi. Mahalla aholisi xavotirda: shaharning jaziramasi, changidan asrab turgan 80 yillik bog` taqdiri nima bo`ladi? Ertaga bu erni tadbirkorlar olsa, daraxtlar yo`q bo`lib ketmaydi deb kim kafolat beradi? Kelajak avlod uchun bu bog`ni asrab qolaylik deb murojaat qilishmoqda. Chunki, hukumatning bu hududga qanday rejasi borligi noma`lum. Turli mish-mishlar yuribdi, deydi faollar.
Shahrimizning kichik o`pkasini asrab qolaylik”.
Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbaevning ma`lum qilishicha, vazirlik mas`ullari tomonidan Toshkent shahridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududi va plantasiyasidagi daraxtlar holati o`rganildi.
"Tarmoqlarda muhokama qilingan masalani joyiga kelib o`rganyabmiz. Ipakchilik instituti Andijonga ko`chirilar ekan aholi xavotirida asos bor. "Bu institut ko`chirilishi munosabati bilan bu erdagi daraxtlar nima bo`ladi?", degan savol bor. Vazirlik sifatida daraxtlar keslishi va ko`chirilishiga qarshimiz.
Bu erga kelishimiz bilan har bir daraxtni xatlovdan o`tkazish bo`yicha guruh tuzildi. Guruh ertadan boshlab Institut hududidagi barcha daraxtlar qayta xatlovdan o`tkazishni boshlaydi. Birorta ham daraxt kesilishiga yo`l qo`yilmaydi. Biz buni nazoratga olamiz. Kelgusida qanday loyiha amalga oshirilishidan qat`iy nazar daraxtlarni saqlab qolgan holda amalga oshirilishi kerak degan pozisiyadamiz. Bu bo`yicha taklifimizni hukumatga va bunga mas`ul idoralarga taqdim etamiz.
Aholi ham keyinchalik bu erni bog` yoki xiyobonga aylantirish taklifini bildirgan ekan. Aholini bu taklifini ham qo`llab-quvvatlaymiz va ular bilan birgalikda biz ham vakolatli idoralarga taklifimizni beramiz. Ayni paytda mahalliy hokimlik bu bo`yicha qanday pozisiyadaligi bizga noma`lum, lekin biz bu taklifni tabiatni saqlab qolish, "Yashil makon" doirasidagi ishlarning uzviy davomi deb bilamiz. Asosiysi, aholi ushbu masalada befarq bo`lmaganligidan hursandmiz", — deydi u.






