Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanida yashovchi 21 yoshli (ayol) A.Q. ariza bilan murojaat qilib, Telegram'da "Farrux-96" nomli profil egasi, A.Q.ning turli foto-suratlari va behayo tasvirlari bo`lgan videolarini ijtimoiy tarmoq orqali tarqatib yuborish bilan qo`rqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganligini ma`lum qilgan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi Axborot xizmati xabar berdi.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati, G`uzor tumanida yashovchi 22 yoshli (ayol) G.B. sodir etganligi aniqlandi.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan G.B., A.Q. bilan Telegram'da "Farrux-96" profili orqali o`zini Farrux deb tanishtirib, A.Q.ni yaxshi ko`rib qolganligini, kelgusida unga uylanish maqsadi borligini aytib, uni ishonchiga kirish orqali uning turli fotosuratlari va behayo videotasvirlarini qo`lga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qo`rqitgan va tarqatmaslik evaziga G.B. o`zining turli bank kartalariga jami 14.300.000 so`m miqdoridagi pullarni tovlamachilik yo`li bilan o`tkazdirib olgan va o`zining ehtiyojlari yo`lida ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, G.B.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.