Avval xabar qilganimizdek, kecha, 17 avgust kuni Xalq deputatlari Yangiyo`l tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tumanga Atoullaev Odiljon Kasimovich yangi hokim etib tayinlandi.
Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, sessiyada viloyat hokimi Zoyir Mirzaev hudud yuzasidan tahliliy-tanqidiy nutq so`zladi va tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarga to`xtaldi.
Qayd etilishicha, 2023 yili sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8 foizga kamaydi. Ayni paytda tumanda 7 ming 900 ishsiz aholi bor, xususan, 12 ming aholi xorijda migrant bo`lib turibdi. 51 ta mahallada sartarosh, 53 ta mahallada go`zallik saloni etishmaydi.
Imtiyozli kreditlar evaziga 315 ta kichik biznes ochilgan. Biroq ajratilgan jami mablag`ning 65 foizi o`zlashtirilgan xolos. "Ibrat", "Sohibkor", "Yangiyo`l" mahallalarida vaziyat og`ir. Mahallada qator muammolar etilib qolgan.
"Tuman hokimining birinchi o`rinbosari lavozimiga loyiq emas, deb hisoblayman va vazifasidan ozod qilishni tavsiya qilaman. Yangiyo`l tumani hokimligida o`rinbosarlarni paypoqdek almashtirish urfga kirgan. Ikki yilda 7 ta qurilish bo`yicha o`rinbosar almashdi. Biroq qurilish sohasi shu bilan tartibga tushmadi. Bu juda og`riqli holat", - deya tanqid qildi viloyat hokimi.
Bundan tashqari, maktabgacha ta`limga bolalarni qamrovi bo`yicha tuman viloyatda oxirgi o`rinda. Zoyir Mirzaev, shuningdek, ta`lim, yoshlar, xotin-qizlarga doir davlat siyosatini amalga oshirishda tumanda yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklar, bajarilishi lozim bo`lgan ishlar xususida so`z yuritdi.
Eslatib o`tamiz, davlat rahbari raisligida o`tkazilgan investisiya masalalariga doir yig`ilish yakunlariga ko`ra tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Ulug`bek Yalgashov vazifasidan ozod qilingan edi.