BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasidan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomiga minnatdorlik xati keldi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda O`zbekiston Hukumatiga Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 75 yilligiga oid tadbirlarni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli dastur uchun minnatdorlik izhor etilgan.
Maktubda O`zbekiston Prezidenti tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag`ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlangani va keng qamrovli ushbu Dasturda O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishiga oid ustuvor sa`y-harakatlarga alohida e`tibor qaratilgani olqishlangan.
BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi 75 yilligini birgalikda nishonlashga oid taklifini qo`llab-quvvatlagani uchun O`zbekiston Hukumatiga mazkur Boshqarma nomidan minnatdorchilik bildirilgan.
Shuningdek, «BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ta`limni rivojlantirishga qaratilgan sa`y-harakatlarini va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta`lim dasturini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori hamda uni bajarish bo`yicha “Yo`l xaritasi” qabul qilinganini qo`llab-quvvatlaydi. Bu – O`zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta`limni rivojlantirish borasida boshlab yuborilgan amaliy ishlarni davom ettirishning hal qiluvchi omilidir», deyiladi maktubda.
Xatda ta`kidlanganidek, O`zbekiston Hukumati va BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda uning Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo`linmasi o`rtasidagi hamjihatlik va amaliy muloqotlar O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini bajarishi yo`lida samarali hamkorlikni ta`minlashda muhim rol o`ynaydi. Maktubda O`zbekistonning bu sohadagi ezgu intilishlari kelgusida ham izchil qo`llab-quvvatlanishi qayd etilgan.