AsosiyJamiyat

Turizm qo`mitasining mansabdori ham tadbirkorlik qilayotgani fosh bo`ldi

'Turizm qo`mitasining mansabdori ham tadbirkorlik qilayotgani fosh bo`ldi'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Turizm qo`mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi rahbari D.Samandarovaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelayotganligi aniqlandi. 

Qayd etilishicha, Korxona rahbari Samandarova Dilfuza Mansurovna 2023 yil 22 fevralida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan “Avtoimkon trade” MChJda 50 foizlik ulush bilan ta`sischi ekan.

Shuningdek,  u ijtimoiy tarmoq orqali Toshkent shahar markazida joylashgan “LBOS Jewellery ” kumush taqinchoqlar do`koni asoschisi ekanligini bayon qilgan va ushbu do`konni reklama qilgan.

Agentlik tomonidan yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo`yicha qo`mita va uning huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasiga taqdimnoma kiritilgan.

Eslatib o`tamiz, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham MChJga 100 foizlik ulush bilan ta`sischi bo`lib kelgani aniqlangan edi.

Ma`lumot o`rnida, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro`yxati to`g`risida”gi qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi taqiqlangan.

Xuddi shu kabi O`zbekiston Respublikasining 2012 yil 2 maydagi "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida"gi O`RQ-328-son Qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subektlari bo`lishi mumkin emasligi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar