Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi, deya xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida tashkil etilgan matbuot anjumanida Sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari Elmira Bositxonova, Namangan viloyati hokimining o`rinbosari Botirjon Nuriddinov va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashishdi.
Ochiq muloqotda jurnalist va blogerlar Namangan viloyati, Chust tumanida maktabgacha ta`lim tashkilotidagi bolalarning zaharlanish hodisasi yuzasidan o`zlarining qiziqtirgan barcha savollarini berishdi.
Muloqot davomida vazir o`rinbosari bolalarda kuzatilgan noxush holat dastlabki tekshiruvlarga ko`ra, dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanish emasligini alohida ta`kidlab, hozirda 20 ga yaqin analiz xulosalari olingani va chuqurlashtirilgan tahlillardan so`ng vaziyatga aniqlik kiritishini bildirdi.
– Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlarga ishonavermaslik, bunday jarayonda faqatgina mutaxassislarning fikriga tayanib axborot tarqatilishi kerak. Ayni paytda salomatligidan shikoyat qilib kelayotgan yosh bolalarning 85 foizi sog`ligi joyida, uylariga qaytishga birin-ketin ruxsat berilmoqda. Qolganlari kunning boshida ro`yxatga olingan bo`lib, ularning ham ahvoli yaxshilanib bormoqda, - dedi Respublika ishchi guruhi rahbari Elmira Bositxonova.
Eslatib o`tamiz, kuni kecha Namangan viloyatining Chust tumanida bolalarning ommaviy zaharlanishi kuzatildi. Shuningdek, Andijonda ham holatlar qayd etilgan. Ayni paytda maktab va bog`chalarga tarqatilgan yod preparati iste`moli to`xtatildi.