Ma`lumki, Sergeli tumanida sodir bo`lgan favqulodda hodisa natijasida aholining zarar ko`rgan uy-joylarini tiklash ishlari hamon jadal davom etmoqda.
Bu ishlarning barchasi aholi uchun bepul amalga oshirilmoqda. Biroq, murakkab vaziyatdan foydalanib, aholidan pul undirish niyatida bo`lgan shaxslar mavjudligi aniqlandi. Ular hukumat tomonidan bepul amalga oshirilayotgan ishlar uchun yurtdoshlarimizdan pul so`rab, ularning soddaligidan foydalanmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi ogohlantirish bilan chiqdi.
"Hurmatli jabr ko`rgan yurtdoshlar! Barcha ishlar siz uchun bepul ravishda bajarilmoqda, noinsof shaxslarning gaplariga ishonib, aldanib qolmang!" - deyiladi hokimlik xabarida.
Eslatib o`tamiz, kecha, 28 sentyabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan bojxona omborxonasida kuchli chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`ldi. Toshkent hokimi portlashdan talofat ko`rgan uylarning zarari qoplab berilishini ma`lum qildi. Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa mas`ullar etib borgan.
SSVga ko`ra, portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Bir kishi halok bo`lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






