Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjonning yangi chegaralarini tan oldi, unga ko`ra Qorabog` mamlakat tarkibiga kirdi. Tegishli hujjat Evropa siyosiy hamjamiyatining Granada (Ispaniya) shahrida bo`lib o`tgan sammiti doirasida imzolandi.
Evropa Ittifoqi saytida e`lon qilingan deklarasiyaga ko`ra, Ozarbayjonning maydoni hozir 86,6 ming kvadrat km.ni tashkil etadi va Qorabog`ni o`z ichiga oladi. Armanistonning maydoni 29 800 kvadrat km.ni tashkil qiladi. Hujjatni Pashinyandan tashqari Evropa kengashi prezidenti Sharl Mishel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols imzolagan. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev avvalroq bu uchrashuvda ishtirok etishdan bosh tortgan edi.
Eslatib o`tamiz, Ozarbayjonning Qorabog`dagi amaliyoti 19 sentyabr kuni boshlangan. Ertasi kuni Armaniston nazorati ostida bo`lgan respublika taslim bo`lib, hudud Ozarbayjon nazoratiga o`tgan edi.






