Joriy yilning 21 sentyabr kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi ayrim bog`cha va maktablarda 70 nafardan ortiq bola ommaviy zaharlangani haqida xabar bergan edik.
Keyinchalik Bosh prokuratura tomonidan bolalar zaharlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.
O`sha vaqtda Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Chustdagi bolalar dori yoki ovqatdan zaharlanmaganini ta`kidlagan bo`lsada, Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi axborotida bolalarning zaharlanishi holatiga ularga yod preparatining yuqori dozada berilgani sabab bo`lganini tan oldi.
Vazir o`z axborotida tibbiyot sohasida amalga oshirilgan ishlar qatorida “Dok-1 Maks” hamda Namangandagi bolalarning zaharlanish voqeasiga ham to`xtalib o`tgan.
“Yaqinda bo`lib o`tgan Antistrumin voqeasini olaylik, vazirlik yuz foiz tan olyapti bu peredozirovka ekanligini. Bu holat bilan bog`liq bo`lgan barcha mas`ul xodimlar hozir qonun oldida javob berishni boshlayapti va albatta javob beradi ham.
Bundan bu yog`iga bunday kamchiliklarga yo`l qo`ymaslikni shaxsan men vazir sifatida zimmamga olaman. Tizimda kamchilik va muammolar juda ko`p yig`ilib qolgani uchun tizimli yondoshuvni boshlaganmiz”, deya ta`kidlagan Amrillo Inoyatov.






