Avval xabar qilganimizdek, Rossiya Davlat Dumasi vise-spikeri Pyotr Tolstoy sobiq Sovet ittifoqiga kirgan davlatlarda, xususan, O`zbekistonda Rossiyada ishlayotgan migrantlar hisobidan rus tilida o`qitiladigan maktablar qurishni taklif qildi.
“Yuksashish” rahbari, deputat Bobur Bekmurodov Tolstoyning bu taklifiga javob qaytardi.
"O`zbekiston Deputat Pyotr Tolstoyning tomorqasi emas. O`z mamlakati va fuqarolari muammolari bilan shug`ullansin. O`zbekistonda rus tili erkin muloqot tili. Biz ittifoqchi mamlakat maqomiga mos ishlayapmiz. Deputat Tolstoy esa yo`q. Janob Tolstoy, Vatandoshlarimiz Rossiyada o`z mehnati uchun hukumatingiz belgilagan to`lovlarni to`lamoqda. Ularning oilalariga yuborayotgan pulini taqsimlash sizning vakolatingizga kirmaydi. Rus tilida so`zlashuvchi vatandoshlarimiz haqida esa o`zimiz qayg`uramiz", deydi Bekmurdov.
Shuningdek, "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham rus mulozimining fikrlariga o`z munosabatini bildirdi.
"Vise-spiker Tolstoyga javoban, o`zbek tilini bilmaydigan xizmatchilarni ishdan haydashni taklif qilishimiz kerakmi? Biz boshqa yo`ldan boramiz - ularga o`zbek tilini o`rgatamiz. Siz esa o`zingiz ishlashni o`rganing. Bu rus tiliga qachonlardir haqiqiy hurmat paydo bo`lishiga olib kelishi mumkin", - deydi Qodirov.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, O`zbekiston prezidenti maslahatchisi Qahramon Quranboev Rossiya hukumatidan mamlakatda migrant bolalar uchun bog`cha va maktablar ochishga yordam berishni so`raganda Rossiya dumasi deputati Mixail Delyagin esa bu tashabbus noqonuniy ekanligini aytgan edi.
"Faqat o`zbek bolalar uchun maktablar ochish Rossiya fuqarolariga nisbatan kamsitish. O`zbekiston, albatta, bolalar bog`chalari va maktablarni qurishi kerak, lekin faqat o`z hududida", - degan edi rus deputati.
Rus hamkasbining bu e`tiroziga javoban Bobur Bekmurodov Rossiya ularni tekinga boqmayotganini bildirgan. Alisher Qodirov esa unda "O`zbekistonda ham rus tiliga munosabat shunga yarasha bo`lishi kerak!" - degan edi.