AsosiyDunyo

Rossiyada migrantlar farzandlarining rus tilini bilish darajasi sinovdan o`tkaziladi

'Rossiyada migrantlar farzandlarining rus tilini bilish darajasi sinovdan o`tkaziladi'ning rasmi

Rossiyada maktablarda muhojirlarning farzandlari uchun sinov o`tkaziladi, bu ularning rus tilini bilish darajasini belgilaydi. Bu haqda Federasiya Kengashidagi parlament eshituvida ta`lim vazirligi rahbari Sergey Kravsov ma`lum qildi.

“Umid qilamanki, bu qaror maktablarimizga migrasiya tarixi bo`lgan bolalar bilan ishlashni imkon qadar samarali tashkil etishga yordam beradi”, - dedi vazir.

Kravsov sinov natijalariga ko`ra bolalarga tilni o`rganish uchun qo`shimcha soatlar berilishi mumkinligini qo`shimcha qildi. Bu qo`shimcha ta`limning bir qismi sifatida amalga oshiriladi.

Avvalroq Ta`lim va fan vazirligi oliy o`quv yurtlariga muhandislik yo`nalishiga hujjat topshirishda rus tilini bilishga e`tiborni kamaytirishga tayyor ekanliklarini bildirgan edi. Qabul paytida ular rus tilini asosiy til sifatida emas, balki qo`shimcha til sifatida ko`rib chiqishni xohlashadi. Ushbu chora 2024 yilda joriy etilishi rejalashtirilgan. Vazirlik yangi tizim universitetlar uchun inqilobiy bo`lishini ta`kidladi.

Eslatib o`tamiz, avvalroq, O`zbekiston prezidenti maslahatchisi Qahramon Quranboev Rossiya hukumatidan mamlakatda migrant bolalar uchun bog`cha va maktablar ochishga yordam berishni so`raganda Rossiya dumasi deputati Mixail Delyagin esa bu tashabbus noqonuniy ekanligini aytgan edi.

"Faqat o`zbek bolalar uchun maktablar ochish Rossiya fuqarolariga nisbatan kamsitish. O`zbekiston, albatta, bolalar bog`chalari va maktablarni qurishi kerak, lekin faqat o`z hududida", - degan edi rus deputati.

Rus hamkasbining bu e`tiroziga javoban Bobur Bekmurodov Rossiya ularni tekinga boqmayotganini bildirgan. Alisher Qodirov esa unda "O`zbekistonda ham rus tiliga munosabat shunga yarasha bo`lishi kerak!" - degan edi. 

Shuningdek, sal avval Rossiya Davlat Dumasi vise-spikeri Pyotr Tolstoy sobiq Sovet ittifoqiga kirgan davlatlarda, xususan, O`zbekistonda Rossiyada ishlayotgan migrantlar hisobidan rus tilida o`qitiladigan maktablar qurishni taklif qildi.  Unga “Yuksashish” rahbari, deputat Bobur Bekmurodov Tolstoyning bu taklifiga javob qaytardi. Shuningdek, "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham rus mulozimining fikrlariga o`z munosabatini bildirdi. 

 

    Boshqa yangiliklar