Bugun ijtimoiy tarmorqlarda Humo Arenadagi Jah Khalib konsertidagi tartibsizliklar paytida pichoqlanish holati bo`lgani va halok bo`lganlar va yaralanganlar ham borligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur xabarlar Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan rad etildi.
"Poytaxtimizdagi “Humo arena” saroyida xonanda Jah Khalib ning konsertiga kirish vaqtida fuqarolar tomonidan sodir etilgan tirbandlikning o`z vaqtida oldi olinganligi va uning sabablari to`g`risida rasmiy sahifalarimiz orqali to`liq ma`lumot bergan bo`lsakda, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda noto`g`ri xabarlarni tarqatishga urinishmoqda. Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan ma`lumotlarni tarqatmasliklarini so`rab qolamiz. Eslatib o`tamiz, aholi o`rtasida yolg`on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud!" - deyiladi rasmiy munosabatda.
Eslatib o`tamiz, 25 noyabr kuni Toshkentdagi "Humo arena" saroyida Jah Khalib'ning konsert dasturi bo`lib o`tdi. Konsertga tashrif buyurgan fuqarolar "Humo arena" saroyiga kirish joylarida katta tirbandlik hosil qilgan va tartibsizlik holatlari yuz bergan. Ma`lum bo`lishicha, konsertga 10 mingdan ortiq sotuvga chiqarilgan elektron chiptalar sotib olingan. Muxlislar taqdim etgan elektron chiptalar tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg`a sifatida hamda pul evaziga qo`lga kiritgani ma`lum bo`lgan. Ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o`z manfaati yo`lida takroran sotgani aniqlangan.






