AsosiyJamiyat

Oliy Majlis deputati O`zbekistonni Rossiyaga qo`shib olishni taklif amador Zaxar Prilepinga javob qaytardi

'Oliy Majlis deputati O`zbekistonni Rossiyaga qo`shib olishni taklif amador Zaxar Prilepinga javob qaytardi'ning rasmi

Biroz avval, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federasiyasi tarkibiga qo`shib, ularning aholisiga rus tilini o`rgatish taklifini ilgari surgani xabar bergan edik. 

 O`zbekistonda Zaxar Prilepinning mazkur bayonoti norozilik bilan qabul qilindi. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov ushbu vaziyatda “Aqlsiz do`st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini esladi.

“Biz bilan do`stlik rishtalarini bog`lab, har tomonlama o`zaro manfaatli hamkorlik qilib kelayotgan Rossiya Federasiyasidagi siyosiy partiya – “Spravedlivaya Rossiya – Patriot – Za pravdu”ning hamraisi Zaxar Prilepinning urushni targ`ib qilishga qaratilgan chiqishi qalbimizni larzaga soldi. Kaykovusning Qobusnoma asarida “Aqlsiz do`st aqlli dushmandin yomonroqdir”, degan naql bor. Bu “do`st” dunyoning ko`pgina mamlakatlarida notinchlik yuz berayotgan, qonli mojarolar avj olayotgan, buning natijasida tinch aholi jabr ko`rayotgan, uy-joyidan, mol-mulkidan ayrilib boshpanasiz, himoyasiz qolayotgan ayni zamonda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlikka rahna solish niyatini bildirdi. Bunday surbetlik bilan e`lon qilingan fikrlar na xalqaro huquqqa, na sog`lom aqlga to`g`ri keladi. Aksincha, urushni targ`ib qilish – bu jinoyatdir.

Shuni g`urur bilan aytamizki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik hukm surayotgani, bunyodkorlik ishlari izchillik bilan davom etayotgani, iqtisodimiz yuksalayotgani, sportchilarimiz zabt etayotgan shohsupalar, erishayotgan yutuqlarimizning barcha-barchasi mamlakatimiz qudratidan dalolatdir. Bizning ulug` xalqimiz muqaddas huquqimiz – mustaqilligimizni hech kimga, hech qachon berib qo`ymaydi! Mustaqilligimizni, suverenitetimizni, davlat chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilishga kuch-qudratimiz ham, jur`atimiz ham etarli”, dedi  deputat.

    Boshqa yangiliklar