AsosiyJamiyat

Germaniyada "Bavariya-O`zbekiston" hamkorlik jamiyati tashkil etildi

'Germaniyada "Bavariya-O`zbekiston" hamkorlik jamiyati tashkil etildi'ning rasmi

Germaniyaning Bayroyt shahrida "Bavariya-O`zbekiston hamkorlik jamiyati" (BUK) tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Jamiyatning asosiy maqsadi Bavariya va O`zbekiston mintaqalari, turli sohalardagi tashkilotlari va kompaniyalari o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, kengaytirish va chuqurlashtirishdan iborat. Tashkilot boshqaruv kengashini  saylash uchun bo`lib o`tgan yig`ilishda jamiyat prezidenti etib bayroytlik sosiologiya doktori Markus Fidler, vise-prezidenti lavozimiga tadbirkor Karlxayns Braytsmann, bosh kotib etib tibbiyot doktori Mattias Olshevskiy tayinlandi.

Doktor Markus Fidler o`zining prezidentlik vazifasidan tashqari madaniy va ilmiy hamkorlikka, vise-prezident Karlxayns Braytsmann iqtisodiy hamkorlikka, doktor Mattias Olshevskiy esa tibbiyot va sog`liqni saqlash sohasidagi hamkorlikka mas`ul bo`ladi.

Hamkorlik tashkiloti shahar vakillari ishtirokidagi madaniy dasturlardan tashqari, hududdagi yirik tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etishni rejalashtirgan. Tadbirda so`z olgan jamiyat prezidenti doktor Markus Fidler O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini e`tirof etdi. Shuningdek, u O`zbekistonning Markaziy Osiyodagi ahamiyati tobora ortib borayotgani va mamlakatimizning pragmatik siyosatiga to`xtaldi. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yilda Germaniyaga ikki marta buyurgan tashrifi natijalari  alohida urg`ulandi.

"Biz faoliyatimizni aynan shu paytda boshlayotganimiz bejiz emas. Jamiyat faoliyati butun Bavariya o`lkasini qamrab olishi zarur. Shuningdek, yaqin kunlarda Bavariya vazirliklari bilan ham muzokaralar  o`tkazish rejalashtirilgan", dedi jamiyat prezidenti.

 

    Boshqa yangiliklar