AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik mutaxassislar uchun davlat hisobidan AQSh universitetida o`qishga tanlov e`lon qilindi

'O`zbekistonlik mutaxassislar uchun davlat hisobidan AQSh universitetida o`qishga tanlov e`lon qilindi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi va AQShning Vebster universiteti o`rtasida imzolangan kelishuvga binoan 2024 yilning 2 yanvaridan 26 yanvariga qadar Vebster universitetining Toshkent shahridagi filialiga “Sog`liqni saqlash boshqaruvi magistri (MNA)” dasturi bo`yicha o`zbekistonlik mutaxassislarni davlat hisobidan (bepul) o`qishga qabul qilish uchun ochiq tanlov o`tkaziladi. Bu haqda SSV Xabar berdi.

Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`i qabul qilindi.

Tanlovda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari xodimlari, oliy tibbiy ta`lim muassasalarining o`qituvchilari va bitiruvchilari ishtirok etishlari mumkin.

Qatnashuvchi nomzodlar so`ralgan ma`lumotlarni Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining info@tipme.uz elektron manziliga faqat elektron (PDF) shaklda yuborishlari lozim.  

Nomzodlarni saralash ikki bosqichda o`tkaziladi.

Birinchi bosqich Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida, ikkinchi bosqich esa Sog`liqni saqlash vazirligida tashkil etiladi.

Dastlabki bosqichda ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida to`plangan ballarga qarab, eng munosib nomzodlar ro`yxati shakllantiriladi va 2024 yilning 25 yanvariga qadar Maxsus komissiyaga yuboriladi.

Ikkinchi bosqich – 2024 yilning 25-26 yanvar kunlari Sog`liqni saqlash vazirligi katta majlislar zalida shaffof va yuqori saviyada tashkil etilib, unda birinchi bosqichda zarur ballarni to`plagan nomzodlar bilan 3 ta yo`nalish bo`yicha suhbat o`tkaziladi.

Yakunda eng yuqori ball to`plagan 50 nafar yosh mutaxassis tanlab olinadi.

Darslar Vebster universitetining Toshkent shahridagi filiali hamda AQShda oflayn va onlayn shaklda olib boriladi.

Tinglovchilar safiga qabul qilingan va sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarning oylik maoshi saqlab qolinadi.

Shuningdek, o`qishni muvaffaqiyatli tamomlagan har bir mutaxassis Sog`liqni saqlash vazirligi tizimida munosib oylik maoshi kafolatlangan rahbar lavozimlariga ishga joylashtiriladi.  

 Nomzodlar qo`shimcha ma`lumotlar uchun quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin: (71) 268-17-44; (71) 267-60-74.  

 

    Boshqa yangiliklar