“O`zbekiston Respublikasida to`siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag`batlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–20-son, 12.01.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2024 yildan:
- nogironligi bo`lgan shaxslarning to`siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros ob`ektlarida ularga shikast etkazmagan holda pandus, plintus va liftlar hamda ko`zi ojizlar uchun madaniy meros ob`ektlarining kichraytirilgan o`lchamdagi maketlari o`rnatiladi va ular to`g`risida Brayl alifbosidagi ma`lumotlar joylashtiriladi;
- temir yo`l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda nogironligi bo`lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus ko`tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o`rnatiladi hamda kema aravachalari (nogironligi bo`lgan shaxslar uchun maxsus aravacha) qo`yiladi;
2027 yil 1 yanvarga qadar:
- Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida I va II guruh nogironligi bo`lgan 1000 nafar shaxsga O`zbekiston bo`ylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming so`mdan oshmagan qismi;
- eshitish qobiliyatini yo`qotgan nogironligi bo`lgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
2024 yil 1 apreldan 2026 yil 1 aprelgacha mehmonxona xizmatlarini ko`rsatuvchi tadbirkorlar mehmonxonaning kamida 3 ta xonasini nogironligi bo`lgan shaxslar o`rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlasa, shuningdek, eshitishi va ko`rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o`rnatsa, ularga har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:
- yulduzli toifadagi mehmonxonalarga – 2 million so`m;
- yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga – 1 million so`m.
Qaror bilan Nogironligi bo`lgan shaxslar uchun to`siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dasturda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
- 2024 yil 1 martdan nogironligi bo`lgan shaxslar uchun Uzbekistan.travel yagona milliy turistik axborot portalidan foydalanish imkoniyatini yaratish;
- respublikaning har bir hududida nogironligi bo`lgan bolalar uchun milliy hunarmandchilik terapiyasi faoliyatini tashkil etish;
- avia, temir yo`l hamda avtobus biletlarini xarid qilish bo`yicha onlayn platformalarda eshitish va ko`rish bo`yicha nogironligi bo`lgan shaxslarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq e`lonlar uchun taktil hamda ovozli funksiyali displeylarni joriy qilish.






