“Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF-9-son, 12.01.2024 y.) qabul qilindi
Farmonga ko`ra quyidagilar barpo qilinadi:
- turizm salohiyati yuqori bo`lgan tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo`lgan savdo-ko`ngilochar majmualaridan iborat bo`lgan turizm markazlari;
- “Zomin” turistik-rekreasion zonasi, “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti va “Amirsoy” tog`-chang`i kurort zonasi hududida boj olinmaydigan (“duty free”) va yirik xalqaro brendlarning savdo do`konlaridan iborat bo`lgan yirik savdo komplekslari (“Luxury tourism village”).
2024 yildan xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini targ`ib qilish uchun Turizm vakillari biriktiriladi.
2024 yil 1 oktyabrgacha turizm markazlarining master rejalari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 2024 yildan:
- turizm namoyishi ob`ektlarini o`zaro bog`lovchi “turizm halqalari”ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi “O`zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi.
- respublikadagi turizm namoyishi ob`ektlarini o`zaro bog`lovchi Turistik yo`nalishlar (marshrutlar)ning yagona reestri yuritiladi.
- har ikki yilda bir marotaba may oyining uchinchi haftasida mukofot jamg`armasi 2 million AQSh dollari bo`lgan Xalqaro “O`zbekiston ipak matolari” moda haftaligi (“SILK UZBEKISTAN FASHION WEEK”) o`tkaziladi.
- milliy zargarlik mahsulotlari do`konlarida O`zbekistonda ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan o`lchovli quymalar hamda Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish uchun vending avtomatlarini o`rnatishga ruxsat beriladi.
“To`rt faslning har birida sayohat” turizm mavsumlarining ochilishini nazarda tutuvchi festivallar o`tkaziladi.
2024 yil 1 martdan 2026 yil 1 martgacha:
tadbirkorlar tomonidan O`zbekiston hududiga olib kiriladigan o`xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan quyidagi tovarlar bojxona bojlari to`lanishidan ozod etiladi:
- mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-ko`ngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari va boshqa materiallar;
- cho`milish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun mo`ljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, to`lov-ma`lumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
- turizm markazlarida joylashgan zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi do`konlari faoliyatini tashkil qilish uchun kerak bo`ladigan qurilish (rekonstruksiya va modernizasiya qilish) materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar;
Mo`ynoq va Zomin aeroportlariga parvozlar amalga oshirilganda 23 yoshgacha bo`lgan yoshlar, yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo`lgan shaxslar uchun aviayo`lovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar bo`yicha amalga oshiriladi hamda yo`lovchi tashuvchi kompaniyalarning ushbu imtiyoz taqdim qilish bilan bog`liq xarajatlari byudjet hisobidan qoplab beriladi.
Mehmonxona va turizm xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha davlat aktivlarini savdoga chiqarishda xarid to`lovlarini, miqdoridan qat`i nazar, 5 yilgacha bo`lib-bo`lib to`lash imkoniyati nazarda tutiladi hamda 3 oydan ortiq muddat sotilmasdan turgan aktivlarning boshlang`ich bahosini 30 foizgacha pasaytirish, zarur hollarda, balans (qoldiq) qiymatida sotish choralari ko`rib boriladi.






