Ijtimoiy tarmoqlarda xizmat ko`rsatish shohobchasida bir nechta fuqarolar o`zaro janjallashayotganligi aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holatga Toshkent shahar IIB axborot xizmati izoh berdi.
Unga ko`ra, joriy yilning 17 yanvar kuni taxminan soat 18.50 larda 1989 yilda tug`ilgan Ya.Aziz Shayxontohur tumanidagi “Paynet” shohobchasiga kirib 2005 yilda tug`ilgan T.Kamrondan plastik kartasiga 7.000.000 so`m tushirishni so`ragan. Biroq bergan naqd ko`rinishdagi pulida bu miqdor kam chiqqan.
Shuningdek, Ya.Aziz 2023 yilning 25 dekabr kuni aynan shu shohobchada plastik kartasiga 10.000.000 so`m tushirtirgan, biroq bergan naqd pulida 3.000.000 so`m kam chiqqan, lekin Aziz qolgan pulni to`lamasdan chiqib ketgan.
Kamron Azizdan shu 3.000.000 so`m pulni qaytarib berishini talab qilganida ular o`rtasida og`zaki nizo chiqqan. Ushbu nizoga Azizning tanishlari 2004 yilda tug`ilgan M.Sug`diyona va 2005 yilda tug`ilgan N.Maftuna aralashib o`zaro janjallashishgan. Buning natijasida hech kim jarohat olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda, tekshiruv yakuni bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi, deyiladi xabarda.






